Harbiylar poytaxtdagi umumta’lim maktablarida harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tadbirlarni o‘tkazishdi

61

Mudofaa vazirligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi yoshlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan doimiy ravishda umumta’lim maktablarida ma’naviy-ma’rifiy va harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 299, 276 hamda 316-sonli umumta’lim maktablarida o‘tkazilgan navbatdagi tadbirda harbiy xizmatchilar ishtirok etib, Vatan himoyasi, uni sevish va asrash qay darajada sharafli va faxrli ekanligini namoyish etishdi.

Buni vatanparvarlik ruhidagi bayram tadbiri desak ham bo‘ladi. Negaki maktablardagi katta sport zallarini to‘ldirib turgan o‘quvchilar va o‘qituvchilar dastlab, Mudofaa vazirligi harbiy orkestrining qalblarni junbushga keltiruvchi jangovar va milliy ruhdagi musiqa sadolaridan bahramand bo‘lishdi.

Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli san’atkorlarining kuy-qo‘shiqlari esa dillarga zavq bag‘ishlash barobarida yoshlarni raqsga chorladi.

Shundan so‘ng, bolalarni hayajonga solgan va aynan ular kutgan harbiylarning jangovar ruhdagi chiqishlari boshlandi. Ya’ni, Toshkent harbiy okrugi tasarrufidagi harbiy qism posbonlari qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali usullarini namoyish etishdi.

– Umumta’lim maktablarida Mudofaa vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi tadbirlar yoshlarni fidoiylik va Vatanga sadoqat ruhida kamol topishlari uchun dasturilamal vazifasini o‘tab kelmoqda – deydi 276-umumta’lim maktabi direktori Ruslan Valiyev.

O‘quvchi yoshlar uchrashuvdan olam-olam taassurot olganiga guvoh bo‘ldik. Va albatta, qalblaridagi yurtga bo‘lgan muhabbat, vatanparvarlik tuyg‘usini yuraklariga yanada teran jo etganiga shubha yo‘q.

Zulfiya YuNUSOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti