Informatika fani bo‘yicha kursantlar o‘rtasida o‘tkazilgan olimpiada g‘oliblari aniqlandi

107

Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari o‘rtasida informatika fani bo‘yicha olimpiada o‘tkazildi.

Mazkur olimpiada Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari o‘rtasida 2020 yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan nufuzli musobaqada yurtimiz sharafini himoya qiladigan oliy harbiy bilim yurti nomini aniqlab berdi.

Unda O‘zbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurti, Qurolli Kuchlar akademiyasi, Milliy gvardiya harbiy-texnik instituti, Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlaridan iborat jamoalar ishtirok etdi.

To‘rt kishidan iborat jamoalar avvaliga alohida-alohida va yakunda jamoa bo‘lib berilgan vazifa va topshiriqlarni bajarishga kirishdi. Kursantlar avvaliga Microsoft Office dasturidagi hujjatlar bilan ishlash bo‘yicha, keyin dasturlash va yakunda yagona taktik maydonda jamoa tarkibida birinchi va ikkinchi bosqich vazifalarini bajarishdi.

– Men ushbu musobaqaning respublika bosqichida nazoratchi sifatida ishtirok etyapman. Harbiylar bilan ko‘p ishlaganman, lekin bugun bir narsani o‘zim uchun kashf qildim, – deydi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining axborot xavfsizligi fakulteti talabasi Husan Hasanov. – Kursantlarning vazifa bajarayotgandagi holatini kuzatdim. Ular topshiriqning yarmini ham uddalab ulgurmagan payt belgilangan vaqt tugashiga ko‘p qolmadi. Lekin kursantlar xotirjam, bosiqlik bilan qolgan vaqtdan unumli foydalanib, o‘z zimmasidagi topshiriqni a’lo darajada bajaryapti. Bu ularning ruhiy holati barqaror, qiyinchilikdan cho‘chimaydigan va vaziyatni ko‘ra bilish ko‘rikmasi yaxshi shakllanganidan dalolat.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, umumjamoa hisobida Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti 1-o‘rin, Qurolli Kuchlar akademiyasi 2- va Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlari 3-o‘ringa loyiq ko‘rildi.

Yakkalik bahslarda esa Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti kursanti Rahimbek Rustamov birinchi, Qurolli Kuchlar akademiyasi kursanti Aydo‘s Abatboyev ikkinchi va Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursanti Humoyun Tirkashev uchinchi o‘rinni band etdi.

Islomjon QO‘ChQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti