Surxondaryoda harbiylar va yoshlar ishtirokida “Biz vatanparvarlarmiz!” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi

51

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug Surxondaryo viloyati Termiz shahrida “Vatan-muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!” bosh konseptual g‘oya asosida “Biz vatanparvarlarmiz!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy, sport va madaniy tadbir o‘tkazildi.

Janubiy operativ yo‘nalish boshqaruvi guruhi, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Surxondaryo viloyat kengashi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi viloyat boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari hamkorligida tashkillashtirilgan tadbirda harbiy xizmatchilar, keng jamoatchilik vakillari, o‘quvchi yoshlar, san’atkorlar, sportchilar hamda xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari ishtirok etdi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar armiya va xalq yakdilligini ta’minlash, viloyat yoshlarini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni sportga qiziqtirish, ma’naviy va huquqiy ongini yanada oshirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Tadbir davomida viloyat teatr aktyorlari tomonidan “Alpomish” dostonidan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi hamda harbiy orkestr jamoasining konsert dasturi taqdim etildi. Shuningdek, xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari va ota-onalariga kimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

“Biz vatanparvarlarmiz!” shiori ostida boshlangan tadbirning ikkinchi qismi shahardagi “Alpomish” stadionida davom etdi. Unda harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi chiqishlari, sport musobaqalari, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Surxondaryo viloyat kengashi to‘garaklarining faoliyati hamda san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti