Maktablarda yangi harbiy-vatanparvarlik sinf xonalari foydalanishga topshirildi

0
1156

Ayni kunlarda yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida Respublika ishchi guruhi bilan birgalikda Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari tomonidan chekka hududlardagi mahallalar kesimida yoshlar siyosati o‘rganilmoqda.

Mazkur o‘rganishlar davomida Navoiy viloyatining Xatirchi tumanidagi “Alisher Navoiy” hamda “Qoracha” mahallalarida joylashgan 14- va 19-umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi o‘quvchilar hamda mahalladagi yoshlar uchun “Harbiy-vatanparvarlik” sinf xonalari barpo etilib, tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Ta’kidlash joiz, o‘quv sinflari okrug harbiy xizmatchilari tomonidan yangicha ko‘rinishga keltirilib, moddiy bazasi yangilandi. Buyuk sarkardalarimiz, taraqqiyot strategiyasi va boshqa qiziqarli ma’lumotlar aks etgan  “Vatan aziz, jasorat mangu!” va “Maktabimiz faxri” kabi burchaklar barpo etildi.

Mazkur sinf xonalarida faxriylar va harbiy xizmatchilar o’quvchilarga ilk jasorat darslarini o’tkazib, ushbu imkoniyatlardan birgina o‘quvchi emas, balki mahalladagi barcha yoshlar unumli foydalanishi mumkinligini ta’kidlab, o‘quv sinflarida mashg‘ulotlarni tashkil etish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi.

Tadbir yakunida mahallalardagi aholi va yoshlar uchun qo‘l jangi va faxriy qorovul chiqishlari, zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahlar ko‘rgazmasi hamda  harbiy orkestr jamoasining konsert dasturi namoyish etildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati