Mudofaa vazirligi miqyosida «Eng namunali harbiy shaharcha» tanlovining  yakuniy bosqichi o‘tkazilmoqda

75

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi miqyosida «Eng namunali harbiy shaharcha» ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi o‘tkazilmoqda.

Toshkent harbiy okrugiga qarashli harbiy qismning ko‘plab binolari yaqinda foydalanishga topshirilganligi sababli bu erda zamonaviy texnologiyalar asosida bunyod etilgan inshootlarga ko‘zingiz tushadi. Qismning ikki qavatli shinam oshxonasi, 20 mingdan oshiq badiiy va ilmiy kitoblardan tashkil topgan kutubxonasi, o‘quv xonalari, mashg‘ulotlar maydonchalari, jahon andozalariga javob beradigan trenajyor va sport zali, harbiy xizmatchilarga ajratilgan uy-joy va yotoqxonalar, bularning barcha-barchasi havas qilishga arziydi.

Tanlov shartlariga ko‘ra moddiy, uy-joy, tibbiy ta’minotlari, sanitariya-epidemiologiya, davlat texnik nazorati va texnika hamda yong‘in xavfsizligi kabi sohalarda qo‘yilgan talablar bo‘yicha o‘z harbiy okruglarida g‘olib deb topilgan beshta harbiy qism Mudofaa vazirligining “Eng namunali harbiy shaharcha” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichida ishtirok etmoqda.

Ko‘rik-tanlovni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsadlar sirasiga quyidagilar ham kiradi: qo‘shilma, qism va muassasalarning uy-joydan foydalanish xizmatlari, ishchilarning jangovar va maxsus tayyorgarligini oshirish, harbiy shaharchalar fondining texnik ekspluatatsiyasi darajasini mustahkamlash, harbiy shaharchalarda bino va kommunal inshootlarning texnik hujjatlari hisobini yuritishda namunali tartibini yaratish, shuningdek kundalik tejamkorlik rejimini amalga oshirish, kommunal xizmatlardan oqilona foydalanish va isitish davrini avariyasiz o‘tkazish.

Yuqorida sanab o‘tilgan jihatlar harbiy shaharchalarning infratuzilmasnini kelgusida takomillashtirish, yotoqxona-turarjoy fondi va kommunal inshootlarning texnik ekspluatatsiyasini tashkillashtirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni umumlashtirish va tarqatish, harbiy shaharchalar hududlarini saqlash, Mudofaa vazirligi shaxsiy tarkibining xizmat burchini o‘tashi uchun qulay sharoitlarni yaratish imkoniyatlarni beradi.

Asror RO‘ZIBOEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti