Tosh ko‘tarish sport musobaqasining g‘olib va sovrindorlari aniqlandi

32

Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligida harbiy xizmatchilarning sport va jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirishga alohida etibor qaratib kelinmoqda.

Xususan, qo‘mondonlikning Farg‘ona viloyatida joylashgan harbiy qismida “Tosh ko‘tarish” sport turi musobaqasi bo‘yicha qo‘shilma bosqichi o‘tkazildi. Harbiy xizmatchilarning jismoniy tayyorgarligi, shijoat-u irodasini sinovdan o‘tkazuvchi mazkur musobaqada Farg‘ona, Andijon, Namangan va Toshkent viloyatidan tashrif buyurgan 30 nafardan ortiq harbiy xizmatchi 7 ta vazn toifasida o‘zaro kuch sinashdi.

Musobaqa ikkita: dast ko‘tarish va siltab ko‘tarish bosqichlarida o‘tkazildi. Hakamlar tomonidan musobaqa ishtirokchilarining chiqishlari odilona baholab borildi.

Natijalarga ko‘ra, yakkalik bahslarida shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilar, oddiy askarlar M.Tillaboyev, N.Qo‘shmatov, I.Xudoynazarov, kichik serjantlar O‘.Qurbonov, U.Beknazarov, J.Mirzabadalov va mayor R.Nosirov o‘z vazn toifalarida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, bu boradagi mahoratlarini namoyish etishdi.

Umumjamoa hisobida 1-o‘rinni Qamchiq davonida joylashgan harbiy qism jamoasi qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2 va 3-o‘ringa Farg‘ona shahrida joylashgan harbiy qismlar jamoalari sazovor bo‘ldilar.

G‘olib va sovrindorlar diplom hamda medallar bilan taqdirlandi.

Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati