Bo‘lajak harbiy-tibbiyot mutaxassislari O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash muzeyiga ekskursiya uyushtirishdi

21

Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi harbiy-tibbiyot fakulteti kursantlari Qurolli Kuchlar tibbiyot mutaxassislarini malakasini oshirish va qayta tayyorlash kursi tinglovchilari bilan hamkorlikda «Ma’naviy yuksalish va vatanparvarlik kuni» doirasida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash muzeyiga ekskursiya uyushtirdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, muzeyda “Abu Ali ibn Sino”, “X-XI asrlarda Sharq tibbiyoti tarixi (Ma’mun akademiyasi)”, “XIX asr oxiri – XX asr boshida tibbiyot tarixi”, “Ikkinchi jahon urushi davrida (1941-1945 yy.) sog‘liqni saqlash tarixi”, “XIX asr oxiri – XX asr boshida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tarixi”, “Sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar to‘g‘risida (1991-2018)”, “Inson sog‘lig‘i gigiyenasi, tarixi va hozirgi kuni” kabi ekspozitsiya zallari mavjud.

Ekskursiya ishtirokchilari ekspozitsiya zallarida tibbiyot tarixining turli davrlariga xos qadimiy qo‘lyozmalar, dorivor o‘simliklar tavsifi, ularni tayyorlash uchun mo‘ljallangan idishlar, tibbiy asbob-uskunalar, shifokorlar buyumlarini tomosha qilib, soha taraqqiyoti xususida o‘zaro fikr-mulohaza almashdilar.

Eslatib o‘tamiz, mazkur muzey 1973 yilda Abu Ali ibn Sino tavalludining 1000 yilligi arafasida tashkil topgan. Unga 1984 yilda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimining yirik tashkilotchisi bo‘lgan professor Qayum Zoirov nomi berilgan.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti