“Forish” poligonida mahalliy hokimiyat organi rahbarlari yigʻini yakunlandi

0
1885

Avvalroq Markaziy harbiy okrugning “Forish” togʻ poligonida Jizzax va Samarqand viloyatlaridagi mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik birlashmalari va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida yigʻin boshlangani to‘g‘risida xabar bergan edik.

Besh kun davom etgan yigʻin jarayonida davlat boshqaruv organlari rahbarlari jahon va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat boʻyicha tahliliy maʼlumotlar, Qurolli Kuchlarni rivojlantirishda harbiy-maʼmuriy sektorlarning faoliyati va roli bilan tanishib, harbiy aloqa, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, sport hamda otish tayyorgarliklaridan oʻtdi. Eng muhimi ishtirokchilar mashqlarni amalda bajarib, harbiy koʻnikmalarini oshirdi, bilimlarini mustahkamladi.

Ishtirokchilar faqat harbiy mashgʻulotlar bilan cheklanib qolmay, turli sport oʻyinlari boʻyicha musobaqalarda qatnashdi. Xususan, ular turnikda tortilish, arqon tortish, futbol va voleybol boʻyicha oʻtkazilgan bellashuvlarda oʻz mahoratlarini amalda koʻrsatdi.

Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi va koʻp yillik tajribaga ega boʻlgan harbiy xizmatchilar tomonidan oʻtkazilgan har bir mashgʻulot qatnashchilarning mazkur sohani puxta oʻzlashtirishlarida muhim oʻrin tutdi. 

Yigʻin ishtirokchilarining mashgʻulotlar jarayonini mudofaa vaziri oʻrinbosari polkovnik Qodirjon Tursunov va ikki viloyatning rahbarlari bevosita kuzatish bilan birga oʻzlari ham qatnashdi.

Shuningdek, yigʻin ishtirokchilariga jangovar va zirhli texnikalarning boshqarilishi, ekipajlar joylashuvi, qoʻllaniladigan qurol va qurilmalari haqida maʼulomtlar berildi. Shundan soʻng, yigʻin qatnashchilari ushbu texnikalarda maʼlum bir masofani bosib oʻtdilar.

Navbatdagi oʻquv nuqtasida baza hududini jihozlash, frontorti taʼminotini yoʻlga qoʻyish, kuzatuv punkti, turli xil toʻsiqlardan oʻtish tartib va qoidalari, ommaviy qurollardan himoyalanish va ekstremal sharoitda yashovchanlik singari mashgʻulotlar amalda koʻrsatildi. Bular haqda yigʻin ishtirokchilariga batafsil tushuncha va maʼlumotlar berildi.

Yigʻinning soʻngi kuni tantanali tadbir tashkil etilib, orttirilgan tajriba va koʻnikmalar sarhisob qilindi. Ishtirokchilarga safarbarlik yigʻinini toʻliq oʻtaganlik boʻyicha sertifikat, eng faol qatnashchilarga esa Mudofaa vazirligi va okrug qoʻmondonlishining faxriy yorligʻi, esdalik nishonlari va sport musobaqlarida gʻolib boʻlgan jamoalarga kuboklar tantanali topshirildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati