Harbiy xizmatchilarning imkoniyati cheklangan farzandlariga nogironlik aravachalari topshirildi

4

Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondonligida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi tashabbusi bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati kengashi hamkorligida harbiy xizmatchilarning imkoniyati cheklangan farzandlariga nogironlik aravachalarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, marosimda hamkor tashkilot vakillari, harbiy xizmatchilar ishtirok etib, imkoniyati cheklangan yoshlar bilan dildan suhbatlashdilar.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar, mamlakatimizda keksalar va nogironlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitini yanada yaxshilash, muammolarini hal etish va hayotdan rozi bo‘lib yashashiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

– Bugungi kun nafaqat menga, balki qizimga ham katta quvonch bag‘ishladi. Oilamizga berilgan e’tibor uchun Toshkent harbiy okrugi va hamkor tashkilot vakillariga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Bu kabi rag‘batlar bizga Vatanimiz va farzandlarimizning baxtu kamoli uchun sadoqat bilan xizmat qilishga kuch bag‘ishlaydi, – deydi kichik serjant Farhod Baratov.

Muloqot davomida harbiy oilalarning takliflari tinglandi va amaliy choralar ko‘rilishi haqida kelishib olindi.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi to‘g‘risidagi nizomi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan bo‘lib, nizomga muvofiq, milliy palata respublika sog‘liqni saqlanishini boshqarishga innovatsion modellar joriy etilishi uchun mas’ul bo‘lgan respublika tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini birlashtiruvchi davlat tashkiloti hisoblanadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti