Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirokida saylov bo‘yicha targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi

7

Bugun, 8-noyabr kuni Mudofaa vazirligi Maxsus avariya-tiklash boshqarmasida Zangiota tumani adliya bo‘limi, Nuroniy jamg‘armasi, siyosiy partiyalarning tuman Kengashlari va “Vatanparvar” mahallasi vakillari ishtirokida “Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi” doirasida “Men shaxsan o‘zim ovoz beraman!” mavzusida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirni Zangiota tumani Nuroniy jamg‘armasi raisi muovini Fozil Halimov ochib berdi. Shundan so‘ng Zangiota tumani adliya bo‘limi yetakchi maslahatchisi O‘tkir Muxtorov saylov tarixi, 2019-yilning eng muhim siyosiy voqeasi ─ Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylovlar tartibidagi yangiliklar xususida ma’ruza qildi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi tuman Kengashi raisi Davron Tulyanov, Milliy tiklanish demokratik partiyasi tuman Kengashi raisi Olimxon Akromov va Adolat sotsial-demokratik partiyasi tuman Kengashi raisi Nigora Xolxodjayevalar ham o‘z chiqishlarida siyosiy partiyalarning dasturiy maqsad va vazifalari haqida ma’lumotlar berishdi.

Targ‘ibot tadbiri savol-javoblar boy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti