“Harbiy jurnalistika” kursining dastlabki bitiruvchilariga diplom va ko‘krak nishonlari topshirildi

41

Bugun, 7-noyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazida “Harbiy jurnalistika” kasbiy qayta tayyorlov kursining dastlabki bitiruvchilariga diplom va ko‘krak nishonlarini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rahbariyati, talabalar, bitiruvchilar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Joriy yildan boshlab Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Harbiy jurnalistika kasbiy tayyorlash kursi va 2019—2020 o‘quv yilida Harbiy jurnalistika yo‘nalishi ochilgan edi. Dastlabki kasbiy qayta tayyorlov kursida Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasidan harbiy xizmatchi va xodimlaridan iborat guruh o‘z malakasini oshirdi.

Ta’kidlash kerakki, O‘zJOKU va O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi o‘rtasida imzolangan memorandum sabab hamkorlikda talabalar va harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘quv-tarbiyaviy ishlarni olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018-yilda ochilgan edi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti