Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida “Men ham Vatan himoyachisiman!” tanlovi o‘tkazildi

35

Prezidentimizning 2018 yil 4 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ma’naviy-marifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 23 fevraldagi “Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Chilonzor tumanida joylashgan maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida “Men ham Vatan himoyachisiman!” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi o‘tkazildi.


Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida o‘tkazilgan tanlovning tuman bosqichiga qadar tumanda joylashgan 55 ta maktabgacha ta’lim muassasalariga tashriflar uyushtirildi. Baholash jarayoni 7 oktyabrdan 5 noyabrgacha o‘tkazildi.
Unda ishtirokchilar muassasada olayotgan bilimlarini namoyish qildi. Tanlovning final bosqichida 350-, 284-, 586- va 534- maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi.


Ishtirokchilar mahorati harbiy-jismoniy mashqlar bo‘yicha ixtiyoriy dastur, ona Vatan haqida, Qurolli Kuchlar faoliyatiga bag‘ishlangan suratlar chizish, badiiy-estetik sahna ko‘rinishi shartlarida baholab borildi.
Ko‘rik-tanlovda birinchi o‘rinni 534-maktabgacha ta’lim muassasasi o‘g‘il-qizlari egalladi. Ikkinchi o‘ringa 350-maktabgacha ta’lim muassasasi, uchinchi o‘ringa 586- va 284- maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilari loyiq ko‘rildi.
O‘sib kelayotgan yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash har bir tarbiyachi, murabbiyning oldida turgan eng dolzarb va sharafli vazifalardan biridir.
Ayni vaqtda Mudofaa vazirligi va jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari, oliy o‘quv yurtlari bu masalaga har qachongidan ham ko‘proq ahamiyat berib kelmoqda.
G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti