“Termiz” dala-o‘quv maydonida o‘tkazilgan tadbirda 200 nafar yoshlar ishtirok etdi

345

Kecha, 5-noyabr kuni “Termiz” dala-o‘quv maydonida harbiy xizmatchilar va o‘quvchi yoshlar hamda davlatimiz bayrog‘ini jahon arenalarida baland ko‘targan sportchilar ishtirokida “Biz, sizlar bilan faxrlanamiz” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimining yoshlar siyosati va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosar Chori Begimqulov, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining o‘rinbosari polkovnik Qodirjon Tursunov, viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Abdumutal Arabov so‘zga chiqib, bu kabi tadbirlar xalq va armiyani yanada yaqinlashtirishini alohida ta’kidladilar.

Shuningdek, tadbirda 2000-2002 yillarda kurash bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionati g‘olibi Maxtumquli Mahmudov, kurash bo‘yicha At-Termiziy va Amir Temur turnirlari g‘olibi Samijon Ubaydullayev, dzyudo bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirlar g‘olibi, O‘zbekiston chempioni Boltaboy Boltayev, 2017 yilda Turkmanistonda yopiq inshootlarda o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlari kurash musobaqasi g‘olibi Gulnor Sulaymanova hamda karate va boks bo‘yicha o‘zbekiston chempionlari ishtirok etib, harbiy xizmatchi va yoshlarga mahorat darsi ko‘rsatishdi.

10 ta mahalliy chavondoz tomonidan harbiy xizmatchilarga ot minish sir-sanoatlari o‘rgatildi.

O‘zbekiston xalq baxshisi Shoberdi Boltayev tomonidan tadbir ishtirokchilariga Alpomish dostonidan parchalar aytib berildi.

Tadbirda 200 nafar o‘quvchi yosh va 400 nafar harbiy xizmatchi ishtirok etdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti