«Eng yaxshi kitobxon harbiy oila» ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi o‘tkazildi

0
1310

Tarbiyaning barcha mezon va unsurlari oilada shakllantirilganidek, yosh avlod qalbida adabiyotga, kitobga mehrni, qiziqishni oshirishda ham oilaning o‘rni, ota-onaning ibrati nihoyatda beqiyosdir. Mudofaa vazirligi tizimida an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan «Eng yaxshi kitobxon harbiy oila» ko‘rik-tanlovi ham ana shunday ezgu maqsadga xizmat qiladi.

Bu yilgi tanlovning yakuniy bosqichi Zangiota tumanida joylashgan harbiy qism bazasida o‘tkazildi. Unda 7 ta bir-biridan zukko va bilimdon oilalar uchta shart bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdilar. Mazkur ko‘rik-tanlovga bellashuvlarni xolisona baholab borish maqsadida nufuzli hakamlar hay’ati taklif etildi.

“Tanishtiruv” deb nomlangan dastlabki shartda ishtirokchilar badiiy chiqishlar orqali, ya’ni qaysidir oila she’riy, yana qaysidir oila musiqali tarzda o‘zlarini tanishtirdilar. Ishtirokchi oilalarning bellashuvga katta tayyorgarlik ko‘rgani birinchi shartdayoq yaqqol ko‘zga tashlandi.

Ikkinchi – «Biz kitobxon oilamiz» sharti tanlovning yanada qiziqarli va jo‘shqin bo‘lishini ta’minladi. Ushbu shartda ishtirokchilar o‘zlari sevib mutolaa qiladigan shoir va adiblar ijodidan she’r, monolog, g‘azallar ijro etishdi. Mavzuga doir videoroliklik va lavhalar badiiy chiqishlarni to‘ldirdi. E’tirofga sazovor jihati, ishtirokchilar shartni bajarish jarayonida san’atkorlik mahorati bilan obrazga kirib, nutq madaniyati qoidalariga to‘liq amal qilishdi.

Uchinchi shart haqiqiy bilimlar bellashuvi bo‘ldi. Unda ishtirokchilarga buyuk mutafakkirlar, o‘zbek va jahon adabiyotining yirik namoyondalari asarlari bo‘yicha savollar berildi. Bir so‘z bilan aytganda, ishtirokchilarning o‘zbek va jahon adabiyotidan qanchalik xabardor ekanliklari, aqliy zakovatlari mana shu shart orqali yana bir bor sinovdan o‘tkazildi.

Qayd etilgan natijalarga ko‘ra, oddiy askar Baxtiyojon Shamatov oilasi (Markaziy harbiy okrugi) birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni oddiy askar Shavkat Halilov oilasi (Sharqiy harbiy okrugi) va leytenant Rustam Gafurov oilasi (Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari), uchinchi o‘rinni esa katta leytenant Sanjar Safarov (Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi) egalladi.

G‘olib va sovrindorlar diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti