«Men ham Vatan himoyachisiman!» tanlovining tuman bosqichi o‘tkazildi

15

Olmazor tumanidagi «Kamol avlod» nomli 269-maktabgacha ta’lim muassasida Toshkent shahrida joylashgan maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida «Men ham Vatan himoyachisiman» shiori ostida harbiy-vatanparvarlik, badiiy-estetik tanlovining tuman bosqichi o‘tkazildi.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida tashkillashtirilgan mazkur tanlovning final bosqichida tumandagi 269, 277 va 472-maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari qatnashdi.

Yurtimiz kelajagi hisoblangan jajji o‘g‘il-qizlar tanlovda uch yo‘nalish bo‘yicha – rasm chizish, harbiy-vatanparvarlik mavzusida sahna ko‘rinishi hamda harbiy tayyorgarlik ko‘rinishidagi o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.

Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining chiqishlari esa Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i mayor Suhrob Xudoyqulov, Olmazor tumani mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Abdumalik Sayfiddinov va Olmazor tumani maktabgacha ta’lim muassasalari bo‘limi rahbari Zumrad Hakimova tomonidan baholanib borildi.

Garchi bolajonlar tomonidan ijro etilgan badiiy-estetik sahna ko‘rinishlari professional darajada bo‘lmasa-da, bolalarcha beg‘uborlik tuyg‘ulariga yo‘g‘rilgan mavzular barchaning olqishiga sababchi bo‘ldi.

Yig‘ilganlar e’tiboriga namoyish etilgan chiqishlar natijasiga ko‘ra 269-maktabgacha ta’lim muassasi birinchi o‘ringa loyiq topilib, tanlovning shahar bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi 472, uchinchi o‘rin esa 277-269-maktabgacha ta’lim muassasiga nasib etdi.

Tadbir yakunida g‘olib va sovrindor bolajonlarga esdalik sovg‘alari hamda diplomlar topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti