Harbiy mahallada ochiq muloqot o‘tkazildi

16

Poytaxtimizning Yashnobod tumanida joylashgan “Olmos” mahalla fuqarolar yig‘inida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirokida davra suhbati va ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Unda so‘zga chiqqan Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Akmal Ortiqov, “Go‘zal” jome masjidi imom noibi Aziz Ahmedov, Mudofaa vazirligi harbiy avtomobil nazorati inspektorlari hamda mahalla faollari Vatan himoyachilarining mas’uliyatli mehnati, unda oila a’zolarining tutgan o‘rni to‘g‘risida to‘xtaldilar.

Ochiq muloqot davomida mahallada duch kelinayotgan ayrim muammolar va ularga yechim atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, yoshlar uchun umumta’lim maktabi, maktabgacha ta’lim muassasasi, bolalar maydonchasi, stadion, oilaviy poliklinikaning filialini ochish kabi bir qator masalalarga oydinlik kiritildi.

Ko‘pchilikning havasini keltiradigan harbiylar shaharchasining bundan-da obod bo‘lishi yo‘lida qilinadigan kelgusidagi rejalar belgilab olindi. Zero, mingdan ortiq xonadon istiqomat qiladigan shaharchadagi oilalarning tozaligi, saranjom-sarishtaligi, oila bekasining o‘z qiziqishlaridan kelib chiqqan holda olib borayotgan qo‘shimcha kasanachilik, tikuvchilik, tadbirkorlik kabi mehnatlari mahsuli, farzandlarining o‘qishi, sport va madaniyat sohasidagi erishgan yutuqlari boshqa hududlarga ham ibrat bo‘lgulik.

Maqsad esa qat’iy, kelgusida “Olmos” mahallasi nafaqat yurtimizdagi harbiy shaharchalar o‘rtasida, balki boshqa mahallalararo ham o‘zining orastaligi, tashabbuskorligi, oilalar obodligi, huquqbuzarliklar kamligi bilan namuna bo‘lishi shart.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti