Qurolli Kuchlar akademiyasida ulug‘ sanaga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi

10

Mamlakatimiz yana bir ulug‘ bayram bo‘sag‘asida turibdi – tilimizga davlat maqomi berilganligining 30 yiligi nishonlanadi. Ushbu muhim sana ostonasida turar ekanmiz, joylarda qizg‘in tayyorgarliklar ko‘rilmoqda.

Ushbu sanaga bag‘ishlab O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

– Yo‘qolib ketish xavfida turgan ona tilimizga, – deydi O‘zbekiston xalq artisti Elyor Nosirov, – 1989-yilda davlat tili maqomini berish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishni o‘zi buyuk tarixiy hodisa, jasorat edi. Naqadar buyuk til – o‘zbek tili. Qanchadan-qancha buyuk alloma-mutaffakirlar o‘zbek tilida ijod qilgan. Bebaho asarlar yaratgan. Bugunchi?! Bugun ko‘p hollarda tilimiz kamsitilayotganligiga guvoh bo‘lamiz. Sof adabiy o‘zbek tili…

– O‘z tilimizga ega bo‘lganligimiz, – deydi “Antik dunyo” Xalqaro ilmiy akademiyasining akademigi Rahimboy Jumaniyozov, – o‘zbek xalqining eng katta boyligi. Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” asari dunyoning qariyb 20 tiliga tarjima qilindi. Tarjima qilingan shox asarlarimizdan birini chet tilida o‘qish asl o‘zbek tilidagisidan keskin farq qiladi. O‘zbek tili naqadar boy, betakror, jozibador.

Davra suhbati yakunida harbiy xizmatchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.

Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti