Harbiy razvedkachilar 2020-yilda bo‘ladigan “Qo‘shinlar razvedkasi a’lochilari” xalqaro musobaqasiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda

15

Toshkent harbiy okrugi razvedka bo‘linmalari orasida “Men g‘olib” shiori ostida saralash musobaqalarining okrug bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad 2020-yilda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro armiya o‘yinlarining “Qo‘shinlar razvedkasi a’lochilari” musobaqasidagi munosib ishtirokini ta’minlashdan iborat.

Chirchiq poligonida bo‘lib o‘tgan saralash musobaqasi besh bosqichda o‘tkazildi. Unga ko‘ra, guruhlar belgilangan yo‘nalishda to‘rtta nazorat nuqtalaridan o‘tgan holda 20 km. masofaga marsh brosok yugurish, hududni qiyin sharoitda jangovar mashinalarda bosib o‘tish, “Razvedkachilar yo‘lagi” majmuaviy to‘siqlaridan o‘tish hamda mutaxassisliklari bo‘yicha biriktirilgan o‘qotar qurollardan otish mashg‘ulotlarini amaliy tarzda bajarishdi.

Harbiy xizmatchilar Xalqaro armiya o‘yinlarining “Qo‘shinlar razvedkasi a’lochilari” musobaqasi talablariga asosan, begona hududda xaritasiz yurishi, dushman ob’ektigacha bo‘lgan masofani aniqlash bo‘yicha harbiy topografiyadan tegishli me’yorlarni bajarishdi.

Shundan so‘ng, razvedkachilar dushman tomonidan ommaviy-qirg‘in qurollari qo‘llanilganda himoyalanish va zaharli hududlardan talofatsiz o‘tib, o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni ado etishdi.

So‘ngra harbiy xizmatchilar taktik tayyorgarlikdan dushman o‘q yomg‘iri ositida yer bag‘rilab 50 metr masofaga yurish va tibbiy tayyorgarlikdan jang maydonida yaradorga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish hamda uni jang maydonidan olib chiqish me’yorlarini bajarishdi.

Mashg‘ulotlarning muhim jihati harbiy xizmatchilar barcha me’yorlarni xalqaro talablar asosida bajarib kelmoqda. Bu o‘z samarasini berishi shubhasiz.

Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati