Harbiy qismda yoshlar ishtirokida kompyuter savodxonligi bo‘yicha amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi

13

Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi tasarrufidagi Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan tuman yoshlarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, xalq va armiya yakdilligini ta’minlash borasida qator tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri, harbiy qismga tumandagi 3-sonli umumta’lim maktabining yuqori sinf o‘quvchilarini taklif qilgan holda, amaliy mashg‘ulot tarzida o‘tkazildi.

“Aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan ishlar” mavzusidagi mazkur mashg‘ulotda 22 nafar o‘quvchi yoshlar hamda ushbu maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari va informatsion texnologiyalar asoslari fani o‘qituvchisi ham ishtirok etdilar.

Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan beshta muhim tashabbusning uchinchisi: aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish chora-tadbirlari doirasida o‘tkazilgan tadbirda o‘quvchi yoshlarga kompyuter texnologiyalari va internetdan foydalanishning amaliy jarayonlarini o‘rgatish bilan birga, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali inson ongi va ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan turli axborot-psixologik xurujlar haqida ham tushunchalar berildi.

Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati