Mudofaa vazirligi sport klubi bokschilari joylarda munosib kutib olindi

1

Rossiyada bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionatida milliy terma jamoamiz birinchi o‘rinni qo‘lga kiritganidan, sportsevar xalqimizni xursand etgan qahramonlar Prezidentimiz Farmoniga asosan davlatimizning faxriy unvon va medallari bilan mukofotlanganidan xabaringiz bor. Jahon chempionatida sovrindor bo‘lgan charm qo‘lqop ustalarimizning barchasiga Prezident sovg‘asi – pul mukofoti hamda avtomobillar topshirilgani xususida ham ma’lumot bergan edik.

Bokschilar o‘zlari tug‘ilib o‘sgan shahar va qishloqlarda ham bee’tibor qolmayapti – katta xursandchilik bilan kutib olinmoqda va sovg‘alar ulashilmoqda. Xususan, dunyo birinchiligining final uchrashuvida uch karra jahon chempioni va Olimpiada o‘yinlari sovrindori kubalik raqibini mag‘lub etib, oltin medalga sazovor bo‘lgan Mudofaa vazirligi sport klubi (MVSK) a’zosi Mirazizbek Mirzaxalilovni farg‘onaliklar ham e’zozlashdi. Prezidentimiz Farmoniga binoan «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni bilan taqdirlangan sportchining el-yurt sha’ni va obro‘yini dunyo miqyosida ko‘klarga ko‘tarish yo‘lidagi mehnatlari ulug‘landi. Jahon chempioniga Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan yangi bunyod etilgan ko‘p qavatli xonadon sovg‘a qilindi.

– Xalqning olqishida, Prezidentimizning e’tirofida bo‘lish juda katta baxt ekan, – dedi M. Mirzaxalilov jurnalistlar bilan suhbatda. – Yangi xonadon berilishini hech kutmagandim. Yangi uyda zamonaviy jihozlardan boshlab, televizor, xolodilnik, qo‘yingki, hamma narsa bor. Albatta bildirilayotgan ishonch hamda ko‘rsatilayotgan e’tibor biz sportchilarga yanada kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Niyatimiz – O‘zbekiston bayrog‘ini jahon arenalarida doimo baland ko‘tarishdir.

MVSK ning yana bir a’zosi Dilshodbek Ro‘zmetov boks bo‘yicha jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritgandi. Prezidentimiz Farmoniga binoan Dilshodbek «Kelajak bunyodkori» medali, shuningdek pul mukofoti va «Gentra» avtomobili bilan mukofotlangandi. Bokschi Urganch xalqaro aeroportida Xorazm viloyati hokimligi, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchining yaqinlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari tomonidan katta shodiyona bilan kutib olindi. Unga hurmat va ehtirom ramzi sifatida zarbof to‘n kiydirildi.

Tantanalar Urganch ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatining «Boks markazi»da davom ettirildi. Tadbirda qatnashgan Xorazm viloyati hokimi F.Ermanov so‘zga chiqib, hukumatimiz, xususan, Prezidentimiz rahbarligida jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar haqida to‘xtalib, o‘zbekistonlik «charm qo‘lqop» ustalarining jahon chempionatida ko‘rsatgan yuksak natijasi yurtimizda olib borilayotgan ezgu ishlarning samarasi ekanligiga e’tibor qaratdi. O‘z navbatida, ushbu muvaffaqiyatga munosib ulushini qo‘shgan xivalik Dilshodbek Ro‘zmetovni erishgan yutug‘i bilan qutlab, unga «Spark» avtomobili kalitini topshirdi.

– Ushbu e’tibor, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik bizlarni yangi-yangi marralar sari yetaklaydi, – dedi D.Ro‘zmetov jurnalistlar bilan suhbatda. – Nasib qilsa, 2020 yili Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritaman va ushbu yirik sport anjumanining oltin medali bilan qaytish yo‘lida bor kuch va g‘ayratimni ayamayman.

Rasul JUMAYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti