Chirchiq poligonida O‘zbekiston va Rossiya harbiylari hamkorligidagi taktik mashg‘ulotlar davom etmoqda

1

Avval xabar berganimizdek, Toshkent harbiy okrugi Chirchiq dala-o‘quv maydonida O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari havo-desant bo‘linmalari harbiy xizmatchilari hamkorlikda mashg‘ulotlarni olib borishdi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, ikki mamlakat orasidagi hamkorlikni mustahkamlash, harbiy xizmatchilar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlikni oshirish, jangovar mashg‘ulotlarni bajarishdagi ko‘nikma va tajribalarni almashishdan iborat.

Ikki mamlakat harbiy xizmatchilari hamkorlikdagi mashg‘ulotlar davomida zamonaviy jang pozitsiyalarini tashkillashtirish, jangovar harakatlarning yangi bosqichlarini amaliyotga joriy etish kabi mashg‘ulotlarni olib borishdi.

Shuningdek, tajriba almashuv mobaynida ishtirokchilar jangovar uchlik va jangovar ikkilik tarkibida garovga olingan binoni qurshovga olib, shartli dushmanni yakson qilish usullarini bajardilar. Bunda harbiy xizmatchilar harakat davomida ob’ektlarni yo‘q qilish, o‘q otar qurollardan tezkor va samarali foydalanish, manyovrchanlikni mashq qildilar.

Shaxsiy tarkibning majmuaviy taktik otish mashg‘ulotlari esa, qatnashchilarning toblanganlik va mutaxassis sifatida shakllangan darajasini rosmana sinash imkoniyatini berdi. Bunda vzvod taktik guruhi dushman diversion razvedka guruhi ta’sirida jangovar marraga chiqish va dushmanni yo‘q qilish. Jangovar qobiliyatni tiklash hududiga chiqish kabi shartlarni muvaffaqiyatli bajardilar. Mashg‘ulotlar davomida shaxsiy tarkibning vazifalarni bajarish chog‘idagi tezkor va aniq harakatlari inobatga olindi.

Bo‘linmalarni boshqarish davomida komandirlarning amaliy va nazariy ko‘nikmalari oshirib borildi. Shartli dushmanni yakson qilish paytida bo‘linmalar va artilleriya olovlarini boshqarishda havo-desant bo‘linmalari, muhandis, sapyor, razvedka va artilleriya bo‘linmalari bilan uzluksiz hamkorlikni tashkillashtirish va ta’minlash ko‘nikmalari ham tekshirildi. Shaxsiy tarkibning yuqori darajadagi axloqiy-ruhiy holati doimiy nazoratda ushlab turildi.

Hamkorlikdagi mashg‘ulotlar davom etmoqda.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti