Harbiy xizmatchilar ishtirokida psixologik mashg‘ulot va psixotreninglar tashkil etildi

1

Bugun inson ongi uchun kurash tobora avj olib borayotgan bir paytda, shaxs psixologiyasini o‘rganish, uning ichki dunyosini anglagan holda, ruhiyatiga ta’sir ko‘rsata olish dolzarb masalalaridan biriga aylanmoqda. Zero, inson ongini ezgu maqsadlar bilan bir qatorda, yovuz, g‘arazli niyatlarda egallashga urinishlar ham borligi barchamizni xavotirga solmay qo‘ymaydi.

Ana shu hayotiy haqiqatni yaxshi anglagan holda, Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy qismlarida psixolog mutaxassislarni taklif qilgan holda, mashg‘ulotlar, davra suhbatlari va psixotreninglar o‘tkazib kelinmoqda.

Jumladan, qo‘mondonlikning Toshkent viloyati Chorbog‘ qo‘rg‘onida joylashgan harbiy qismi shaxsiy tarkibi bilan “Shaxsiy tarkibni axborot-psixologik tajovuzlardan himoyalash yo‘llari” mavzusida mashg‘ulot va “Yoshni aniqlash, xotirani, ko‘rishni, eshitishni yaxshilash” mavzusida psixotrening o‘tkazildi.

Mashg‘ulotda Chirchiq davlat pedagogika instituti katta o‘qituvchisi, psixolog Shahlo Abdusamatova hamda ushbu ta’lim muassasasining 3-bosqich talabalari Islom Ismatov hamda Umida Tursunova ishtirok etdi.

“Mashg‘ulotning birinchi qismida Shahlo Abdusamatova shaxsiy tarkibga axborot-psixologik tajovuzlar va ularning turlari, ushbu tajovuzlardan inson ongini himoyalash choralari xususida to‘xtalib o‘tgan bo‘lsa, ikkinchi, psixotrening qismi, qiziqarli savol-javoblarga boyligi, psixologik testlar va o‘yin shaklida o‘tgani bilan menda katta qiziqish uyg‘otdi”, – deydi serjant Saida Saidboboyeva.

Shu mavzudagi mashg‘ulot qo‘mondonlikning Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida joylashgan harbiy qismda ham tuman Xalq ta’limi bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Mutaxassislar harbiy xizmatchilarning har biriga individual tarzda yondashgan holda suhbatlashdilar, psixologik testlar o‘tkazilib, tinglovchining o‘zini erkin tuta olishi va fikrini bayon qilishi, axborotlar oqimida oqni-qoradan ajrata olish qobiliyati shakllanganligi sinovdan o‘tkazildi.