Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi Quvasoy shahrida sayyor qabul o‘tkazdi

2

Bugun, 8 oktabr kuni Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Lutfullo Buzrukov boshchiligidagi mas’ul mansabdor shaxslardan iborat guruh Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida joylashgan Xalq qabulxonasida sayyor qabul o‘tkazdi.

Qabul davomida okrug qo‘mondonligi mas’ul ofitserlari va mutassaddi tashkilotlar vakillari harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari hamda harbiy pensionerlarning mavjud muammolari, talab, taklif va ehtiyojlari o‘rganilib, ularni hal yetish yuzasidan ishlar olib borildi. Qabulga kelganlarga barcha sharoitlar yaratildi, ayniqsa bolali ayollarga alohida xonalar tashkil etildi.

Turfa murojaatlar bilan sayyor qabul guruhiga yuzlanayotgan yurtdoshlarimizning og‘iri yengil, uzog‘i yaqin bo‘lmoqda. Xususan, Farg‘ona viloyatida istiqomat qilayotgan fuqaro Nargiza Sharopova Surxondaryo viloyatida o‘z xizmat burchini o‘tayotgan o‘g‘li shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Nurmirzo Ergashevni oilada yolg‘iz farzand bo‘lganligini inobatga olib, doimiy yashash joyiga yaqin bo‘lgan harbiy qismlarning birga o‘tkazilishi bo‘yicha murojaat qildi. Uning ushbu murojaati ijobiy tomondan qanoatlantirildi.

Shu bilan birga, uy-joy masalasi yuzasidan murojaat qilgan nafaqadagi harbiy xizmatchi Tohir Kattaboyev Qurolli Kuchlar safida 14 kalendar yil hisobida o‘z xizmatini o‘tab, Mudofaa vazirligi tomonidan uy-joy bilan ta’minlanmaganligini aytib o‘tdi. Ushbu murojaat yuzasidan okrug qo‘shinlari qo‘mondoni tomonidan berilgan taklifga murojaatchi rozi bo‘ldi va okrug mansabdor shaxslari tomonidan uy-joy bilan ta’minlashga zarur bo‘lgan hujjatlar rasmiylashtirilishi amalga oshirildi.

Shuningdek, iste’mol, ipoteka va avtokreditlarni olishda yuzaga kelayotgan muammolar ham joyida bartaraf yetildi.

Eslatib o‘tamiz, shu kabi sayyor qabul ertaga, 9-oktabr kuni Qo‘qon shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati