Harbiy psixologlar malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli tamomladi

0
1029

Inson ongiga qaratilayotgan psixologik hujumlar aslida har qanday qurolli toʻqnashuvlardan ham xavfli va keskin tus olib borayotganini barchamiz atrofimizda roʻy berayotgan harbiy-siyosiy jarayonlardan ham koʻrib turibmiz. Demak, har qanday bilim va koʻnikmalar yangilanishga, zamonaviylashishga, yangicha metodlar asosida olib borilishga muhtoj. Ayniqsa, bu borada Qurolli Kuchlarimiz qoʻshinlarida faoliyat olib borayotgan harbiy psixologlarimizning oʻrni va zarurati kun sayin oshib bormoqda.

Mudofaa vazirining “Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida shaxsiy tarkibning axloqiy-ruhiy barqarorligini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga binoan Mudofaa vazirligi guruh komandirlari, ularning oʻrinbosarlari va yoʻriqchi-serjantlarning axloqiy-ruhiy barqarorligini taʼminlashga doir bilimlarini oshirish maqsadida Qurolli Kuchlar akademiyasi hamda Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti negizida 14 kunlik malaka oshirish kursi tashkil etildi.

Bu vaqt oraligʻida kurs tinglovchilariga psixologik va pedagogik bilimlarni mustahkamlash bilan birga jismoniy va ruhiy tayyorgarlik, jangovar vaziyatlarda ekstremal qiyinchiliklarni yengib oʻtish boʻyicha amaliy mashgʻulotlarni bajarishdi.

Bugun, Qurolli Kuchlar akademiyasida boʻlib oʻtgan tadbirda malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli bitirgan bir guruh harbiy xizmatchilarga sertifikatlar topshirildi.

Endi ular oʻquv kursi davomida toʻplagan qimmatli bilim va tajribalarini oʻz harbiy qismlarida joriy qilishib, harbiy xizmatchilarning jangovar ruhi, vatanparvarlik fazilatlarini yanada mustahkamlash borasidagi kechiktirib boʻlmaydigan vazifalarni bajarishga kirishadilar.

Axborot va ommaviy kommunikayilar departamenti axborot xizmati