Harbiy xizmatchilar maktabda ustozlarni qutladi

47

Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 207-umumta’lim maktabida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tantanasi o‘tkazildi.

Unda Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari hamda Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi mas’ul ofitserlari, Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari ishtirok etdilar.

Tashvish faqat o‘qish, yozishdan iborat bo‘lgan o‘quvchilik yillarini qo‘msamaydigan odam bo‘lmasa kerak. Begidir yillar sog‘inchi vaqt o‘tgani sayin kuchayib boradi. Maktab sahnida o‘ynab-quvnayotgan o‘g‘il-qizlar esa bu kunlarning sururini oradan ancha muddat o‘tganidan so‘ng his qilsalar ne ajab.

Maktab tumanda fan olimpiadalari, bilimlar bellashuvida erishgan yuqori natijalari bilan boshqa ta’lim muassasalaridan ajralib turar ekan. O‘tgan o‘quv yilida 44 nafar bitiruvchining 18 nafari oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirib, talabalar safidan o‘rin olgani yana bir e’tirof. Malakali pedagoglar bir necha “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik tanlovining tuman, shahar va respublika bosqichlarida g‘oliblar safidan joy olgan.

Ustozlar kuni sabab muvaffaqiyatlar yana bir bor tilga olinib, fidoyi muallim va muallimalar, tirishqoq o‘quvchilar taqdirlandilar. Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar o‘quvchilarning harbiy vatanparvarlik tuyg‘ularini jo‘sh urdirdi.

Ular Vatan himoyachilari bilan esdalikka suratga tushib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti