Mudofaa vazirligi jangovar tayyorgarlik mutaxassislari ishtirokida o‘quv-uslubiy seminar o‘tkazildi

18

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy okruglar jangovar tayyorgarlik boshqarma boshliqlari, harbiy qism komandirlarining jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosarlari, bo‘lim boshliqlari, batalon komandirlari va ularning jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosarlari bilan Sharqiy harbiy okrug harbiy qismi va poligonida “Jangovar brigadalar batalon taktik guruhlari bilan jangovar tayyorgarlikni tashkillashtirish va o‘tkazish uslubiyoti” mavzusida o‘quv-uslubiy seminar o‘tkazildi.

Seminar davomida ishtirokchilar bilan jangovar tayyorgarlikni rejalashtirish bo‘yicha bilimlarini oshirish, jangovar tayyorgarlikni tashkillashtirish, batalon tarkibida jangovar tayyorgarlik bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazishning yagona uslubiyotini ishlab chiqish, doimiy yashash joylarida hamda dala-o‘quv maydonlarida mashg‘ulotlarni tashkillashtirish va o‘tkazish, batalon taktik guruxi shaxsiy tarkibi bilan madaniy xordiq olishni xamda ommaviy sport ishlari tadbirlarini tashkillashtirish kabi o‘quv savollari ko‘rib chiqildi.

Ikki kun davom etgan o‘quv seminarda taktik tayyorgarlik fanidan – texnikalarning safar yurishga tizilishi, bazalashtirish xududida joylashuvni tashkillashtirish, murakkab jang sharoitlarida shaxsiy tarkibning majmuaviy xarakat mashg‘ulotlarini o‘tkazish, NATO to‘siqlar yo‘lagida xarakatlanish hamda mergan juftligi harakatlarini o‘rgatish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Otish tayyorgarligi fanidan esa, o‘q otar qurollar sozligi va shayligini tekshirish va me’yor darajasiga keltirish, guruh qurollarini nazorat tekshiruv nishoni yordamida rostlash xamda amaliy otish, qo‘l granatalarini uloqtirish, tankdan otish shaharchasida tayyorlov otish mashg‘ulotlarini o‘tkazish, jangovar mashinalar direktrissasida qanotdan amaliy otish mashg‘ulotlari ko‘rib chiqildi.

Texnik tayyorgarlik fanidan – jangovar va avtomobil texnikalari ko‘rigini o‘tkazish hamda barcha me’yorlarni to‘g‘ri bajarish tartibi o‘rganildi.

Ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish tayyorgarligi fanidan – radiotsion kimyoviy biologik muhofazalanish mutaxassislari bilan biatlon yo‘lagidan o‘tish jarayoni seminar ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Muhandislik tayyorgarligi fanidan – muhandislik yo‘lagidan o‘tish tartib-qoidalari tushuntirildi.

Tibbiy tayyorgarlik fanidan – jangovar texnikadan yaradorlarni olib chiqish va birinchi yordam ko‘rsatish usullari bajarildi.

Aloqa tayyorgarligi fanidan esa – aloqa mutaxassislari bilan simli va radio aloqa o‘rnatish tartibi amalda bajarildi.

Razvedka tayyorgarligi fanidan – razvedkachining maxsus ekipirovkasi, zamonaviy va maxsus tayyorlangan razvedka yo‘lagidan o‘tish tartibi ko‘rsatildi.

Havo-desant tayyorgarligi fanidan – yangi innovatsion havo-desant tayyorgarlik kompleksida parashyutchi va sportchi desantchilarning harakatlari hamda desant-shturm yo‘lagidan o‘tish jarayoni namoyish etildi.

Jismoniy tayyorgarlik fanidan – maxsus to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish, shaxsiy tarkibni sport turlariga jalb qilish bo‘yicha tushunchalar yetkazildi.

Ma’naviy- ma’rifiy va axloqiy-ruhiy tayyorgarlik fanlaridan – ruhiy ta’sir ko‘rsatish yo‘lagidan o‘tishda harbiy xizmatchilarga ta’sir etadigan omillar amaliy tarzda ko‘rsatildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti