Mudofaa vazirligi sport klubi a’zosi jahon chempionati sovrindori bo‘ldi

59

Tailand mezbonlik qilgan og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati yakunlandi. Unda yurtimizning 10 nafar vakili qatnashdi va 3 nafari sovrindor bo‘ldi.

Terma jamoamizga ilk sovrin – bronza medalni MVSK (Mudofaa vazirligi sport klubi) yosh a’zosi Adhamjon Ergashev taqdim etganligi xususida avval xabar bergan edik.

Adhamjondan so‘ng og‘ir atletkachilarimiz orasida katta sahnaga Muattar Nabiyeva (-55 kg) ko‘tarildi. U dast ko‘tarish bo‘yicha 96 kilogramm toshni o‘ziga bo‘ysundira oldi va bu natija Muattarga dunyo birinchiligining bronza medalini taqdim etdi. Siltab ko‘tarish bahslari hamyurtimiz uchun ko‘ngildagidek bo‘lmadi – u bu yo‘nalishda 113 kg natija qayd etdi va sovrindorlardan ancha orqada qoldi. Ikki kurash bo‘yicha esa Nabiyevaning ko‘rsatkichi 209 kilogrammga yetdi va bu dunyo miqyosida oltinchi natija bo‘ldi. Lekin shuni alohida ta’kidlash joiz, Muattar Nabiyeva og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida dastlabki medalni qo‘lga kiritgan ayol atlet sifatida O‘zbekiston sporti tarixidan joy oldi.

Yurtimiz vakillari orasida 3-sovrindor ham A.Ergashev kabi kattalar o‘rtasidagi dunyo birinchiligida ilk bor qatnashgan yosh sportchimiz Akbarjon Jo‘rayev bo‘ldi. U dast ko‘tarish bo‘yicha 188 kg natija ko‘rsatdi va bu unga 6-o‘rinni taqdim etdi. Siltab ko‘tarish bo‘yicha esa hamyurtimiz birinchi urinishda 221, ikkinchi urinishda 226, so‘nggi urinishda 229 kilogrammlik toshni ko‘tardi va kumush medalga sazovor bo‘ldi. Ikki kurash bo‘yicha 417 kilogrammlik natija esa Jo‘rayevga 4-o‘rinni in’om etdi.

Shu tariqa og‘ir atletikachilarimiz jahon chempionatini bitta kumush va 2 ta bronza medali bilan yakunlashdi. Sovrindorlar «Tokio – 2020» yozgi Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma uchun qimmatli ochkolarga ham ega bo‘lishdi.

Shu yil yozda Fijida o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida Adhamjon Ergashev hamda Akbarjon Jo‘rayev muvaffaqiyatli qatnashib, mamlakatimizga 6 ta oltin medal qaytishgan va ular tantanali ravishda kutib olingandi. Endi ular kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida sovrindor bo‘lishdi va yurtimizda shunga yarasha qarshi olindi.

Xususan, dunyo birinchiligida bronza medalni qo‘lga kiritgan MVSK a’zosi Adhamjon Ergashev o‘zi tug‘ilib o‘sgan joyda, ya’ni Namanganda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Shokirjon Qoraboyev, jurnalistlar hamda sport jamoatchiligi tomonidan kutib olindi. Adhamjonni muvaffaqiyat bilan qutlashdi, sovg‘alar ulashildi. O‘z navbatida, Ergashev kelgusida Olimpiadada qatnashishga harakat qilishini hamda bildirilgan ishonch va umidlarni to‘la oqlashini aytib, chuqur minnatdorchilik izhor etdi.

Rasul JUMAYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti