Harbiy qismda batalon taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi

57

Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismida qo‘riqlanayotgan obyektga hujum bo‘lganida uning xavfsiz faoliyatini ta’minlash va favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf qilishga qaratilgan batalon taktik-maxsus o‘quvi o‘tkazildi.

O‘quv davomida qo‘riqlash bo‘linmasini jangovar shaylikning yuqori darajalariga keltirishga, toifalangan obyektlar qo‘riqlovini kuchaytirishga, o‘tkazish tartibotini ta’minlab, qo‘riqlanayotgan obyekt hududiga begona shaxslarning noqonuniy tarzda kirishiga yo‘l qo‘ymaslikka, qo‘lbola portlash vositalarini olib kirilishini oldini olishga, qurollangan hujumni qaytarishga, tartibbuzarlarni izlash, qurshab olish va zararsizlantirishga hamda favqulodda holatlarda hamkorlikdagi bo‘linmalar harakatlariga asosiy e’tibor qaratildi.

Shuningdek, Toshkent viloyati IIB, FVV, Qibray tumani Tibbiyot birlashmasi, qo‘riqlanayotgan obyekt ma’muriyati hamda davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda, alohida belgilangan o‘quv joylarida, yong‘in o‘choqlarini bartaraf qilish, qo‘riqlanayotgan obyekt atrofida tezkor-profilaktik va razvedka qidiruv tadbirlarini o‘tkazish, blokpostlar ishini tashkil qilish, tartibbuzarlarni qo‘lga olish hamda tezkor tergov tadbirlari amalga oshirildi. Har bir jarayon real vaziyatlarga yaqin tarzda olib borildi.

O‘quvlar yakuniga ko‘ra, belgilangan barcha vazifalar to‘laligicha amalga oshirilib, kuch va vositalar hisobiga, shuningdek hamkorlikdagi rejalar bo‘yicha harakatlanish tartibiga aniqliklar kiritildi. O‘z navbatida, mamlakatning muhim iqtisodiyot ob’ektlari barqaror faoliyatini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalarni bajarish chog‘ida, shaxsiy tarkibning kasbiy mahoratini yanada oshirishga erishildi.

Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati