Askarlar o‘rtasida kompyuter savodxonligi bo‘yicha tanlov o‘tkazildi

67

Mudofaa vazirligi Toifalangan oyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiyatosh tumanida joylashgan harbiy qismda davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan beshta muhim tashabbusning uchinchi – aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish chora-tadbirlari borasida olib borilayotgan ishlar doirasida, tuman yoshlar ittifoqi a’zolari bilan hamkorlikda muddatli harbiy xizmatchilar o‘rtasida “Men kompyuterni bilaman” mavzusida tanlov o‘tkazildi.

Tanlovda muddatli harbiy xizmatchilar belgilangan vaqt ichida kompyuterda kim ko‘proq matn terishi bo‘yicha bellashdilar. Noan’anaviy usulda o‘tkazilgan ushbu tanlov askararda katta qiziqish uyg‘otdi.

Ma’lumki, bugun axborot texnologiyalari asrida hayotimizni kompyuterlarsiz tasavvur eta olmaymiz. Tayyorlanadigan hujjatlarning deyarli barchasi kompyuterlarda teriladi. Ammo, biror matnni juda qisqa fursatda, tez, imlo xatolarsiz terib berish oson emasligini muddatli harbiy xizmatchilar bellashuv mobaynida his qildilar.

Tanlov o‘tkazilayotgan xonani bir zumda klaviaturalarning chiqirlagan ovozlari tutib ketdi. Har bir askar o‘ziga berilgan matnni tezlik bilan kompyuterga kiritishga harakat qildi, albatta natijalar ham yomon bo‘lmadi.

Tuman yoshlar ittifoqi a’zolari tomonidan bir qator muddatli harbiy xizmatchilarning mahorati alohida e’tirof etildi va g‘oliblar faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar.

Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati