Harbiy qismda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi

67

Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida joylashgan harbiy qismida O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi shoira Lola Jo‘rayevaning “Bir yo‘l bo‘lsa”, deb nomlangan kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Harbiy xizmatchilarning kitobxonlik madaniyatini yanada oshirish maqsadida o‘tkazilgan ushbu tadbirda Muborak tumani hokimligi ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i A.To‘rayev ham ishtirok etdi.

Lola Jo‘rayeva harbiy xizmatchilarga yangi nashr etilgan kitobning mazmun-mohiyati, uning inson ruhiyati va qalbiga ta’siri xususida so‘zlab berdi. Shuningdek, bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan ijodkorlarga qaratilayotgan e’tibor, ular uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida ham to‘xtalib, bu imtiyoz va g‘amho‘rliklar qalam ahlini yanada faolroq ijod qilishga undayotganini e’tirof etdi.

Tadbir davomida shoira o‘z ijod namunalaridan yig‘ilganlarga o‘qib berdi. Harbiy xizmatchilar ijodkorga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar.

O‘z navbatida harbiy qismdagi ijodkorlikka havasmand, she’rlar mashq qilib turuvchi harbiy xizmatchilarning iste’dodlarini rivojlantirish bo‘yicha ham shoira bilan hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Taqdimot yakunida shoira Lola Jo‘rayeva yangi nashr etilgan kitobidan harbiy qism kutubxonasiga sovg‘a qildi. Shaxsiy tarkibning kitobxonlik madaniyatini oshirishdagi hissasi uchun shoiraga harbiy qism rahbariyati tomonidan “Tashakkurnoma” taqdim etildi.

Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati