Mudofaa vazirligi sport klubining ikki nafar bokschisi yarim finalda

66

Rossiyaning Yekaterinburg shahrida o‘tkazilayotgan boks bo‘yicha XX jahon chempionati yarim final bosqichiga yetib keldi. O‘zbekiston bokschilaridan 5 nafari yarim finalga chiqdi, 2 nafari MVSK (Mudofaa vazirligi sport klubi) a’zosidir.

Yekaterinburgga borgan 8 nafar bokschimizdan 3 nafari XX jahon chempionati bilan xayirlashdi. Ular – Elnur Abduraimov (-63 kg), Fanat Qahramonov (-75 kg, MVSK) va Sanjar Tursunov (-91 kg).

Eng og‘ir vaznli bokschimiz Bahodir Jalolov esa (+91 kg) ikkinchi bosqichdan jangga kirishdi va ukrainalik Sotne Rogavaga qarshi ringga ko‘tarildi. Bahodir raqibini katta ustunlik (5:0) bilan mag‘lubiyatga uchratdi.

Shunday qilib 5 nafar bokschimiz chorak finalga yo‘l oldi, bular – Shahobiddin Zoirov (-52 kg), Miraziz Mirzahalilov (-57 kg, MVSK), Bobousmon Baturov (-69 kg), Dilshodbek Ro‘zmetov (-81 kg, MVSK) va Bahodir Jalolov (+91 kg).

Rio Olimpiadasi chempioni Shahobiddin Zoirov chorak finalda bolgariyalik Daniyel Asenovga qarshi ringga ko‘tarildi va g‘alabaga erishdi. Hakamlar qaroriga ko‘ra, bokschimiz 5:0 hisobida zafar quchdi.

-57 kg vazn toifasida yurtimiz sport sharafini himoya qilayotgan MVSK a’zosi Miraziz Mirzahalilovga 1/4 finalda kuchli raqib qarama-qarshi keldi, ya’ni charm qo‘lqop ustamiz qozog‘istonlik nomdor bokschi Qayrat Yeraliyevga qarshi ringga ko‘tarildi. Mirazizning biroz ustunligi ostida kechayotgan jangning 4-raundida hakam bahsni to‘xtatishga majbur bo‘ldi – Yeraliyevga avvaldan olgan jarohatlari ham pand berdi. Ushbu raundga qadar bo‘lgan ochkolar hisobi ko‘rilganda Mirzahalilov Yeraliyevdan 4:1 hisobida ustun kelayotgani ma’lum bo‘ldi va MVSK a’zosi shu tariqa jahon chempionatining yarim finaliga yo‘l oldi.

Hamyurtimiz Bobousmon Baturov chorak finalda iordaniyalik Ziyadga qarshi ringga chiqdi va yaqqol ustunlik (5:0) bilan raqibini mag‘lubiyatga uchratdi.

MVSK a’zosi Dilshodbek Ro‘zmetov 1/4 finalda ozarbayjonlik Loren Alfonso Domingesga qarshi ringga ko‘tarildi. Murosasiz jang Ro‘zmetovning 3:2 hisobidagi qiyin g‘alabasi bilan yakunlandi. Vaholanki, Dilshodbek bundan oldin mo‘g‘ulistonlik Shinebayar Narmandax, kongolik Pita Kabeji Peter va ruminiyalik Andrei Aradauga qarshi janglarda yaqqol ustunlik namoyish etgan holda g‘alaba qozongandi.

Eng og‘ir vaznli charm qo‘lqop ustamiz Bahodir Jalolov (+91) esa chorak finaldagi jangi bilan yurtimiz boks muxlislarini ortiqcha hayajonga solib o‘tirmadi – AQSh vakili Richard Torresni birinchi raunddayoq nokautga uchratdi va yarim finalga yo‘l oldi.

Shunday qilib, chorak finalga chiqqan besh bokschimizning barchasi yarim finaldan ham muvaffaqiyatli o‘tdi va dunyo birinchiligining kamida bronza medallarini naqd qilishdi.
2017-yilda Germaniyada bo‘lib o‘tgan XIX jahon chempionatida hamyurtimiz Shahram G‘iyosov (-69 kg) oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. Rossiyada bokschilarimiz yanada yuqoriroq natija ko‘rsatishiga ishonamiz.

Rasul JUMAYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti