“Markaz – 2019”: “G‘urumsaroy” poligonida xalqaro harbiy o‘quv mashg‘ulotlariga start berildi

27

Kecha, 16-sentyabr kuni Beshariq tumanida “Markaz – 2019” xalqaro o‘quv-mashg‘ulotida qatnashish uchun yurtimizga tashrif buyurgan tojikistonlik harbiylarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Sharqiy harbiy okrug mas’ul ofitserlari, Beshariq tumani hokimiyati vakilari hamda mahalliy san’atkorlar Tojikiston harbiy xizmatchilarini o‘zbekona milliy an’anaga ko‘ra, non va tuz bilan o‘ziga xos bayramona kayfiyatda kutib olishdi. O‘zlarini ikki xalqning buyuk allomalari – Navoiy hamda Jomiy avlodlari deb bilgan farg‘onalik maktab o‘quvchilari tojikistonlik harbiy xizmatchilarga o‘zbek va tojik tillarida she’rlar o‘qib berishdi.

Shundan keyin tojikistonlik harbiy xizmatchilar Namangan viloyatida joylashgan “G‘urumsaroy” dala-o‘quv maydoniga yetib kelishdi va mashg‘ulotlarga tayyorgarlikni boshlab yuborishdi.

Kunning ikkinchi yarmida o‘zbekistonlik va tojikistonlik harbiylar ishtirokida brifing tashkillashtirilib, Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari “Markaz – 2019” o‘quv-mashg‘ulotlarining tartibi hamda undan ko‘zlangan maqsadni mehmonlarga yetkazdi.
Bugun, 17 sentyabr kuni “G‘urumsaroy” dala-o‘quv maydonida O‘zbekiston va Tojikiston harbiylari ishtirokidagi strategik qo‘mondonlik shtab mashg‘ulotlari doirasidan o‘rin olgan “Markaz – 2019” o‘quviga start berildi.

Madhiyalar sadolari ostida ikki davlat bayroqlari baland ko‘tarilib, maydonga o‘zbekistonlik va tojikistonlik harbiy xizmatchilar saf tortishdi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Pavel Ergashev ushbu o‘quv mashg‘ulotlari davlatlarimiz o‘rtasidagi harbiy munosabatlarning mustahkamlanishiga hamda jangavor tayyorgarlikni oshirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidlab, o‘quv-mashg‘ulotlarida ishtirok etayotgan o‘zbek va tojik harbiylariga muvaffaqiyat tiladi.
Tojikiston Respublikasi Quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari general-mayor Ixtiyor Oxunzoda Ne’matullo ham “G‘urumsaroy” poligonida tashkillashtirilayotgan “Markaz – 2019” o‘quv-mashg‘ulotlarining O‘zbekiston va Tojikiston harbiylarining hamkorligida tashlangan navbatdagi qadam bo‘lishini aytib, tadbir tashkilotchilariga do‘stona kutib olish tadbirlari uchun o‘z minnatdorchiligi bildirdi.

Shuningdek, o‘zbekistonlik va tojikistonlik harbiylar nomidan so‘zga chiqqan o‘quv-mashg‘ulot qatnashchilari o‘zlariga bildirilgan ishonchni a’lo darajada bajarishga so‘z berishdi.

Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni o‘quv-mashg‘ulotlarini rasman ochiq deb e’lon qildi va ikki davlat harbiylari orkestr sadolari ostida shaxdam qadamlar bilan tantanali safdan o‘tishdi.

Kunning ikkinchi yarmida Tojikistondan tashrif buyurgan mehmonlar uchun Qo‘qon shahri tarixiy obidalari bo‘ylab ekskursiya uyushtirildi. Unda qo‘shni davlat harbiylari uzoq asrlik o‘tmishimizdan so‘zlovchi tarixiy majmualar va muzeylar bilan tanishishdi.

Eslatib o‘tamiz, “Markaz – 2019” o‘quv mashg‘uloti doirasida Rossiyada bo‘lib o‘tadigan amaliy harakatlar bilan bir vaqtda Namangan viloyatida joylashgan “G‘urumsaroy” poligonida O‘zbekiston va Tojikiston harbiy bo‘linmalari tomonidan shartli ravishda janubiy sarhadlarga suqilib kirgan terrorchi guruhlarga qarshi hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlari ham o‘tkaziladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti