Levitanni qoʻriqlagan oʻzbek oʻgʻloni

0
594

Oradan qariyb 80 yil oʻtsa-da, mashʼum urushning dahshatlari hamon qalblarni larzaga soladi. Ikkinchi jahon urushida yurtdoshlarimiz nafaqat janglarda yurt tinchligi, xalq farovonligi uchun mardonavor kurash olib bordi, balki front ortida ham jasorat koʻrsatib, buyuk gʻalabaga munosib hissa qoʻshdi. Navoiy viloyatining Karmana tumani Yangiariq qishlogʻida istiqomat qilayotgan Saydulla ota Yuldoshev ham ana shunday jonkuyar, fidoyi insonlardan. Bugun sal kam 100 yoshni qoralagan qahramonimiz Saydulla ota Yuldoshevning Mudofaa vazirligi huzuridagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi jamoasining tashrifidan boshi osmonga yetdi.

Saydulla Yuldashev 1942-yilning sentabr oyida Navoiy viloyati, Karmana tumani, Yangi-ariq qishlogʻidan harbiy xizmatga chaqirilgan. Saydulla Yuldashev 1942-yildan 1949-yilga qadar Ichki ishlar xalq komissariyatiga qarashlib 236-polkda pulemyotchi boʻlib xizmat qilgan. Ushbu polk Moskva – Sokolnikida joylashgan boʻlib, eshelonlarni, Moskva viloyatida qatnovchi harbiy va davlat ahamiyatiga ega boʻlgan yuklarni, Luneva, Mashkinoda, Kunseva hamda Odinsovadagi oʻta muhim boʻlgan obyektlarni qoʻriqlagan. Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi yillarida bir qator maxsus obyektlardan jami 6000 nafar harbiy asirlarni, harbiy gospitaldagi yaradorlarni, Butirsk, Tagansk, Lefortovsk qamoqxonalari mahbuslarini, shuningdek, Olenino shahridagi lagerdan 2006 nafar harbiy asirlarni manzillarga yetkazishda xavfsizlikni taʼminlagan.

Urush oʻz nomi bilan urush. Har qadamda dushman aviatsiyasi zarbalari, dushman hujumlari, diversantlar, josuslar hamlalari berilgan vazifani bajarishga kirishgan qorovul qoʻshinlarining 236-polki harbiy xizmatchilari uchun ham xafli edi. Manzillarda minglab harbiylar yaralangan, halok boʻlgan. Ana shunday oʻta ogʻir va murakkab vaziyatlar boʻlishiga qaramay, Vatan oldidagi yigitlik burchini sidqidildan ado etgan Saydulla Yuldoshev aslo ortga chekinmadi. Fashistlarga qarshi kurashda jon olib-jon berayotgan yurtdoshlarimizning front orti taʼminotini taʼminlashda munosib hissa qoʻshdi. Ikkinchi jahon urushi tugagach, bir qator shaharlarni tozalash ishlarida ham faol ishtirok etdi.
Taʼkidlash kerakki, Ikkinchi jahon urushi davrida oʻzining noyob ovozi bilan dushman askarlarini esankiratgan mashhur jurnalist Yuriy Levitanning xavfsizligini taʼminlashda oʻz hissasini qoʻshgan Saydulla Yuldoshev oʻsha davr bilan bogʻliq xotiralarini mehmonlarga soʻzlab berdi.

Urushdan soʻng ham Saydulla Yuldoshev bir necha yil armiya safida xizmat qiladi. Oradan vaqt oʻtib, oʻz hayoti va faoliyatini xalq farovonligi yoʻliga baxshida qilgan qahramonimiz 10 nafar farzandni voyaga yetkazib, Vatanga munosib insonlar qilib tayyorladi. Bugun nevarayu evaralar ardogʻida umrguzaronlik qilayotgan otaxon, “Tinch va osoyishta hayotimiz bardavom boʻlsin” ,– deya duoga qoʻl ochadi.

– Turmush qurganimizga 70 yildan oshdi. Shu oʻtgan davr mobaynida 10 nafar fazandni bekamu koʻst katta qilishimizda Saydulla akaning mehnatlari beqiyos. Oiladan ortib, mahallalarning farovon boʻlishida ham hammaslak boʻlgan bunday fidoyi, xalqparvar inson bilan birga keksalik gashtini surayotganimdan benihoya mamnunman, – deydi Saydulla otaning umr yoʻldoshi 92 yoshli onaxon Himmatoy Yuldosheva.
Yillar, asrlar oʻtsa-da, Saydullo ota kabi Vatan fidoiylarining koʻrsatgan mardligi va matonati kelajak avlod qalbida mangu yashayveradi.

Nargiza SAFAROVA, “Gʻalaba bogʻi” majmuasi matbuot xizmati