“ArMI—2022”: “Merganlar marrasi” jamoamiz Venesuelada amaliy tayyorgarlik mashgʻulotlarini boshladi

0
808

Joriy yilda Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat vakillarimiz “ArMI—2022” Xalqaro armiya oʻyinlarida jami 21 ta yoʻnalish boʻyicha ishtirok etmoqda. Hozirda jamoalar musobaqa boʻladigan hududlarga yetib borib, amaliy tayyorgarlik mashgʻulotlariga kirishgan.

Jangovar vaziyatlarda toʻgʻri va aniq harakatlanish koʻnikmasini oshiradigan, harbiy xizmatchilarning merganlik mahoratini sinovdan oʻtkazadigan “Merganlar marrasi” musobaqasida oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar bu yil oltinchi bor qatnashmoqda.

Jamoamiz hozirda Venesuelaning Lara shtati Barkisimeto shahrida boʻlib turibdi. Bu yerda vakillarimiz qurollarni qabul qilib olib, amaliy tayyorgarlik mashgʻulotlarini olib bormoqda.

Jamoamiz hozir merganlik quroli va pistolet bilan nishonlarni yoʻq qilish, berilgan vazifalarni bajarish boʻyicha musobaqa oldi soʻnggi tayyorgarlik mashgʻulotlarida ishtirok etyapti. Ta’kidlash kerakki, “Merganlar marrasi” musobaqasi turli vazifalarni oʻz ichiga olgan 4 bosqich, jami 15 ta shart boʻyicha oʻtkaziladi. Bular:

  • Yakkalik mashqlar;
  • Juftlik mashqlar;
  • Jamoaviy mashqlar;
  • Kim teskor.

Hozirda musobaqa boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan hududga 7 ta davlat jamoasi yetib kelgan.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti