Askarlar va yoshlar buyuk sarkardaning hayot yo‘li bilan yaqindan tanishdilar

11

Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligiga qarashli Qashqadaryo viloyatida joylashgan harbiy qism muddatli harbiy xizmatchilari va Nishon tumani Nuriston shaharchasidagi 38-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari ishtirokida Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

O‘zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyandalaridan biri, iste’dodli davlat arbobi, shoir va adib Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi xalqimizni, ayniqsa yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun xizmat qilib kelmoqda.

Tarixdan ma’lumki, Bobur taqdir taqozosi bilan umrining juda ko‘p qismini o‘zga yurtlarda Vatan sog‘inchi bilan o‘tkazishga majbur bo‘lgan, bu haqida uning “Boburnoma” tarixiy memuar asaridan ham bilib olishimiz mumkin. Bunday asarlarni mutolaa qilish inson ma’naviyatini yanada yuksaltiradi, ona Vatanni ulug‘lash va qadrlashga o‘rgatadi.

O‘quvchi yoshlar harbiy akalari bilan birgalikda “Boburnoma” asarining mazmun-mohiyati, unda aks ettirilgan voqealar, asarning badiiyligi, tarixiy haqqoniyligi va o‘ziga xosligi bilan kishini maftun etishi haqida fikrlashdilar. Shuningdek, asarda Boburning hayot yo‘li, Afg‘oniston va Hindistonga qilgan yurishlari, bu mamlakatlarda yashovchi halqlarning maishiy turmushi va madaniyati, tabiati va ba’zi tarixiy-siyosiy voqealari yuksak badiiyat bilan ta’riflanganini alohida e’tirof etdilar.

Tadbir barchada, ayniqsa harbiy libosdagi yigitlar bilan yonma-yon o‘tirib fikrlashgan yoshlarda katta tassurot qoldirdi.

Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati