“Vatanparvar” mahallasida kitob yarmarkasi o‘tkazildi

24

Bugun, 11-sentabr kuni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugdagi harbiy shaharchalardan birida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Nukus harbiy prokuraturasi hamkorligida kitoblar yarmarkasi tashkil etildi. Ushbu yarmarkada “Quvonchbek-Mashxura” kitoblar do‘koni tomonidan 2000 dan ortiq kitoblar sotuvga qo‘yildi.

Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, muddatli harbiy xizmatchilar va 44 sonli umumta’lim maktabida tahsil olayotgan o‘quvchilar ishtirokidagi yarmarka doirasida Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari falsafa fanlari nomzodi Yusupbay Alimbetov va shoir Jumaniyaz O‘teniyazov bilan ijodiy uchrashuv ham tashkillashtirildi.

Uchrashuvda ijodkorlar adabiyot sehri va jozibasi xususida fikrlar bildirishib, ijod namunalaridan parchalar o‘qib eshittirdilar. Shuningdek, harbiy qismlardagi kutubxonalarga dastxatlari tushirilgan kitoblardan hadya etishdi.

– Bo‘sh vaqtlarim juda ko‘p bo‘lardi, – deydi, serjant Shavkat Maxmudovning turmush o‘rtog‘i Nigora Elmurodova. – “Vatanparvar” mahallamizda kutubxona faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi va doimiy ravishda kitoblar yarmarkasini uyushtirilishi kitobga bo‘lgan qiziqishimni oshirdi va bo‘sh vaqtimdan unumli foydalanib, kitoblar mutolaasiga ham vaqt ajrata boshladim. Har gal kitob yarmarkasida o‘zimga va har bir farzandimning yoshiga mos kitoblar xarid qilaman. Hozirga kelib, kitob javonimizda 100 ga yaqin kitoblar o‘rin oldi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan bu kabi tadbirlar o‘zining samarali natijasini ko‘rsatayotganligini guvohimiz. Harbiylar oilalarining minnatdorona bildirayotgan fikrlari esa ushbu so‘zlarning amaliy isbotidir.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati