Bo‘lajak harbiy uchuvchilarga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi ko‘krak nishoni topshirildi

10

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurtining 66 nafar birinchi bosqich kursantlari O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga a’zolikka olindi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat kengashi, O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurti mutasaddilari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tantanali tadbirda bo‘lajak ofitserlarga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan yaratilgan sharoitlar, berilishi ko‘zda tutilgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Kursantlarga O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga a’zolik guvohnomalari topshirilib, ko‘krak nishonlari taqib qo‘yildi. Tadbir konsert dasturiga ulanib, unda ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchani xushnud etdi. Shundan so‘ng yig‘ilganlar bilim yurtining yoshlar ittifoqi xonasiga tashrif buyurishdi. U yerda ham O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat kengashi raisi hamda harbiy qismlardagi boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i tomonidan kursantlarga bilim yurtida yaratilgan bu qadar yuksak darajadagi shart-sharoitlardan unumli foydalanib, chuqur bilimga ega, malakali kadr bo‘lib yetishishlari lozimligi, ular ayni ma’noda yurt osmoni musaffoligining himoyachilari ekaniga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Bu kabi tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, jamiyatimizda mamlakatni isloh qilish, uni yanada yuksaltirish jarayonlarida hal qiluvchi kuch va tayanch bo‘lishga qodir yoshlarni shakllantirishga qaratilgan desak, adashmaymiz. Zero, yoshlar – ertangi kunimiz bunyodkorlaridir.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati