Harbiy sportchilardan to‘rt nafari dzyudo bo‘yicha olimpiada yo‘llanmasiga yaqin turibdi

10

Yaponiya mezbonlik qilgan dzyudo bo‘yicha jahon chempionati yakunlangach Xalqaro dzyudo federatsiyasi (XDF) Olimpiada reytingini e’lon qildi. Hamyurtimiz Sharofiddin Lutfullayev reyting peshqadamiga aylangan. MVSK (Mudofaa vazirligi sport klubi) a’zolarining ham o‘rni yomon emas.

Yurtimiz dzyudo muxlislarining e’tibori birinchi navbatda Sharofiddin Lutfullayevga qaratilishi tabiiy, chunki u Yaponiya mezbonlik qilgan jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritish bilan birga 1400 reyting ochkosiga egalik qildi. Undan oldin Budapeshtdagi turnirda chorak finalgacha yetib bordi, Zagreb «Gran-pri»sida esa g‘olib chiqdi va ushbu muvaffaqiyatlari tufayli o‘z hisobiga 900 dan ko‘proq reyting ochkosini qo‘shdi.

Endilikda unda 3607 reyting ochkosi (bu yerda faqat Olimpiada reytingi nazarda tutilyapti, jahonniki emas) mavjud va 4-o‘rindan ko‘tarilib, peshqadamga aylandi. Agar reytingdagi shu o‘rin, daraja yoki holat 2020 yil 25 maygacha saqlansa, qolaversa ayni kunda reytingda 810 ochko bilan 43-o‘rindan 31-o‘ringa ko‘tarilgan MVSK a’zosi Diyorbek O‘rozboyev uni quvib yetmasa, Sharofiddin «Tokio – 2020» yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. Ha, bir davlatdan bir vaznda ikki nafar yoki undan ortiq dzyudochi yo‘llanma zonasida bo‘lsa, Olimpiadaga qaysi sportchisi borish masalasini mamlakat Milliy olimpiya qo‘mitasi (MOQ) va federatsiya hal qiladi.

Ushbu vazn toifasi bo‘yicha reytingda Lutfullayevdan so‘ng 2-pog‘onani jahon chempionatining bronza medali sovrindori qozog‘istonlik Yeldos Smetov (3510 ochko) egallagan. Amaldagi jahon chempioni gruziyalik Lukxumi Chxvimiani esa 3386 ochko bilan kuchli uchlikka yakun yasab bergan. Shu kunga qadar reytingni boshqarib kelgan yaponiyalik dzyudochi esa yangi reytingda 4-o‘ringa tushib ketdi.

Sharofiddin reytingdagi peshqadamligini «Tokio – 2020» olimpiya o‘yinlariga qadar saqlab qolishiga ishonamiz. O‘zbekiston dzyudochilarining yana 5 nafari bugungi kunda XDF reytingida ana shunday yo‘llanma egasi zonasida, ularning 3 nafari MVSK vakillaridir.
yo‘llanma zonasidagi va bunga yaqin dzyudochilarimiz:

  • -60 kg: 1(4) Sharofiddin Lutfullayev – 3607 ochko; 31(43), Diyorbek O‘rozboyev (MVSK) – 810 ochko (yo‘llanma zonasida emas);
  • -66 kg: 21(21) Sardor Nurullayev (MVSK) – 1294 ochko (yo‘llanma zonasida); 22(25) Shahram Ahadov – 1234 ochko (yo‘llanma zonasida);
  • -73 kg: 17(13) Hikmatilloh To‘rayev – 1376 ochko (yo‘llanma zonasida);
  • -100 kg: 25(25) Muhammadkarim Xurramov (MVSK) – 1131 (yo‘llanma zonasida);
  • +100 kg: 11(6) Bekmurod Oltiboyev (MVSK) – 1744 ochko (yo‘llanma zonasida).

Ha, XDFning yangilangan reytingiga muvofiq 66 kilogrammgacha vazn toifasida bir yo‘la ikki nafar dzyudochimiz Olimpiada yo‘llanmasi zonasida, bular – 1294 ochko bilan 21-o‘rinni egallagan Sardor Nurullayev (MVSK a’zosi) va 1234 ochko bilan 25-o‘rinni band etgan Shahram Ahadov.

2020-yil 25-maygacha dzyudochilarni XXXII yozgi Olimpiada o‘yinlarining reyting ochkolari taqdim etiladigan yana bir qator yirik turnirlar kutmoqda. Ushbu musobaqalar barchasini o‘zgartirib, bugungi holatni tamoman aksiga o‘girib yuborishi mumkin. Bu yo‘lda dzyudochilarimizga omad tilaymiz.

Rasul JUMAYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti