Harbiy sportchilardan medallar shodasi

0
859

Taekvondo bo’yicha Tokio-2020 Olimpiadasi g’olibi Ulug’bek Rashitov Islom birdamligi o’yinlarida ham barcha raqiblarini mag’lubiyatga uchratib, delegatsiyamizga navbatdagi oltin medalni keltirdi.

Murasosiz kechgan final jangida Mudofaa vazirligi Sport markazi sportchisi Qurolli Kuchlar xizmatchisi Rashitov ozarbayjonlik raqibi ustidan ishonchli g’alaba qozondi. Shu tariqa Ulug’bek -68 kg vazn toifasida raqiblaridan ustun ekanini yana bir bor isbotlab qo‘ydi.

Yengil atletikachilarimiz esa Islom birdamligi o’yinlarida ikkinchi medalini qo’lga kiritishdi. Nayza uloqtirish bahslarida yurtimiz sharafini himoya qilgan Nargiza Qo’chqorova 56.08 metr natija bilan bronza medaliga sazovor bo’ldi. Ushbu yo’nalishda qatnashgan yana bir vakilamiz Musharrafxon Saidahmedova esa 56.06 metr bilan to’rtinchi natijani qayd etdi.

Shuningdek, yengil atletikachimiz Roksana Xudoyorova ham bronza medali sohibasi bo‘ldi.

Mahoratli taekvondochimiz, Mudofaa vazirligi Sport markazi sportchisi Niyoz Po‘latov Islom birdamligi o’yinlarida delegatsiyamizga navbatdagi medalni taqdim qildi. -63 kg vazn toifasi yarim finalida marokashlik raqibiga imkoniyatni boy bergan Po‘latov bronza medaliga sazovor bo’ldi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti