“Chirchiq” poligonida O‘zbekiston va Qozog‘iston harbiylarining hamkorlikdagi “Qalqon – 2019” taktik mashqlari boshlandi

33

Respublikamiz hukumati tomonidan mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, xalqaro harbiy hamkorlikni mustahkamlash masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda chet davlatlar bilan qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlari muntazam o‘tkazilmoqda. Toshkent harbiy okrugidagi dala-o‘quv maydonida boshlangan O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikalari Mudofaa idoralari hamkorligidagi «Qalqon – 2019» maxsus-taktik o‘quvlari shular jumlasidandir.

Tadbirning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor P.Ergashev va Qozog‘iston Respublikasi Mudofaa vazirligi mas’ul ofitseri polkovnik J.Jantasov ishtirok etdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarilmoqda. Ikki mamlakat Prezidentlarining joriy yil aprel oyidagi uchrashuvi, xususan, hamkorliklar qamrovining kengayishi fikrimizni tasdiqlaydi.

Mudofaa idoralari o‘rtasidagi mazkur o‘quvlar do‘stona va o‘zaro ishonchli munosabatlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar hamkorlikdagi mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilarning jangovar salohiyati, perofessional bilimlari, xalqaro terrorizmga qarshi hamkorlikda kurashishdagi mahoratini oshirish, o‘zaro tajriba almashish maqsadida o‘tkazilayotganligini ta’kidladi.
«Qalqon – 2019» o‘quvlari davomida harbiy aviatsiya kuchlari, jangovar zirhli texnikalar qo‘llanilishi, desantlashtirish jarayonlari, kunduzgi va tungi sharoitlarda o‘q otish mashqlari kabi qator mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.

Xalqaro harbiy hamkorlik doirasidagi maxsus-taktik tadbirlar 14-sentabrga qadar davom etishi rejalashtirilgan.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti