Harbiy qismda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha tadbir o‘tkazildi

24

Ma’lumki, kuz-qish mavsumi boshlanishi bilan, ehtiyotsizlik oqibatida aholi turarjoylarida turli xil yong‘inlar sodir bo‘lishi kuzatiladi. Bunday ayanchli holatlar harbiy xizmatchilarning oilalarida ham yuz bermasligi uchun, harbiy bo‘linmalarda turli profilaktik tadbirlar, amaliy mashg‘ulotlar tashkillashtirilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligiga qarashli Buxoro viloyatida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilarining oila a’zolari ishtirokida o‘tkazildi.

Tadbir, ayol harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatchilarning oilalari bilan ishlovchi shtatdan tashqari yetakchi mutaxassis tomonidan amaliy mashg‘ulot tarzida tashkil qilinib, unda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Qorovulbozor tumani yong‘in xavfsizligi xizmati qismining mutaxassislari maxsus texnikalari bilan ishtirok etdilar.

Mashg‘ulot avvalida, yig‘ilganlarga yong‘in xavfsizligi profilaktikasiga oid eslatmalar tarqatildi. Shundan so‘ng, soha mutaxassilari tomonidan, yong‘in sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlarda harakatlanish tartibi hamda o‘t o‘chiruvchi maxsus vositalardan to‘g‘ri foydalanish qonun-qoidalari amaliy tarzda tushuntirib berildi.

Xonadonlarda faqat soz holatdagi, maxsus elektr jihozlaridan foydalanish zarurligi, qo‘lbola istish uskunalarini ishlatish hayot uchun xavfli ekani ta’kidlandi.

Bu kabi tadbirlar, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari hushyorligini yanada oshirib, xavfsiz turmush shart-sharoitlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati