Harbiy xizmatchilar jahonning mashhur tasviriy san’at asarlari bilan tanishdilar

22

Inson ma’naviyatini yuksaltirishda muzeylar faoliyati muhim ahamiyatga ega. Muzey tarixning jonlantirilgan qiyofasi, ma’naviyat bulog‘idir.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlarida harbiy xizmatchilarning ma’naviyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar doirasida muzeylarga ekskursiyalar uyushtirilishi keng yo‘lga qo‘yilgan.

Nukus garnizoni harbiy qismlaridan biridagi bir guruh harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyiga ekskursiya uyushtirishdi. Harbiylar va ularning oilalari 1966-yilda rassom va restavrator, etnograf va san’atshunos Igor Vitalyevich Savitskiy tomonidan asos solingan muzeyda xalq amaliy san’atining noyob durdonalari, qadimiy va o‘rta asrlar Xorazm san’ati, 1920—1930-yillar o‘zbek va rus tasviriy san’ati, qoraqalpoq zamonaviy rangtasvir va haykaltaroshligi bilan yaqindan tanishdilar.

– San’at muzeyiga bo‘lgan tashrif barchamizda iliq taassurot qoldirdi, – deydi podpolkovnik Saiduvali Abdurahmanov. – San’atning turlari ko‘p. Kino, adabiyot, raqs va boshqa san’at turlari ichida tasviriy va amaliy san’at alohida ajralib turadi. Go‘zallikni his eta olgan mohir mo‘yqalam ustasi adabiyotni ham, musiqani ham ranglar orqali matoga jo etishga qodir. Muzey zallaridagi rangtasvir asarlari ana shunday qudratga ega. Bugungi ekskursiyaning samarali natijasi shunda bo‘ldiki, harbiy xizmatchi tasviriy san’at, uning janrlari, oqimlar va albatta, rassomlarning o‘ziga xos uslublari xususida tushunchaga ega bo‘lishdi.

Shu kuni ulkan va boy san’at muzeyi harbiylar va ularning oilalariga mazmunli va taassurotlarga boy lahzalarni hadya etgani shubhasiz.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati