Buloqboshida tematik sinflar foydalanishga topshirildi

0
579

Andijon  viloyati Buloqboshi tumanida joylashgan 55-davlat ixtisoslashtirilgan maktab internatida Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism tashabbusi bilan buyuk bobokalonlarimizning jang san’ati va qahramonligi aks ettirilgan tematik sinflar tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Tadbirda viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, xalq ta’limi boshqarmasi xodimlari, nuroniylar va Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirok etdilar.

Dastlab mutassaddilar o‘quvchi yoshlar uchun ta’lim muassasasida yaratilgan zamonaviy va shinam xonalar, sport maydonchasi, xotira xiyoboni kabi obyektlar bilan tanishdilar.

Tadbirning asosiy qismi buyuk bobokalonlarimizning qahramonliklari aks ettirilgan “Buyuk sohibqiron Amir Temur”  va “Turon qoploni Jaloliddin Manguberdi” sinfida o‘tkazildi. Suhbat davomida o‘quvchi yoshlar tomonidan Amir Temur va Jaloliddin Manguberdining davlat boshqaruvidagi mahorati, sarkardalik qobilyati, jasorati, harbiy yurishlari aks ettirilgan chiqishlar barchaga xush kayfiyat ulashdi.

Tadbir davomida “Qo‘mondon va yoshlar uchrashuvi” ham o‘tkazildi. Uchrashuv ochiq muloqot tarzida ko‘tarinki ruhda bo‘ldi. Suhbat davomida ertamiz davomchilari Temurbeklar maktabi ta’lim muassasasida o‘qishni davom ettirishini va kelajakda yurt himoyachisi bo‘lishini aytishdi.

Yakunda nuroniylar, ustozlar va faol o‘quvchi yoshlarga qo‘shinlar qo‘mondonining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Kunning ikkinchi yarmida qo‘shinlar qo‘mondoni boshchiligidagi ishchi guruh O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish, amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, istiqboldagi vazifalarni belgilash bilan birga, mavjud muammolarni o‘rganib, ularning ijobiy yechimini topish maqsadida Xonobod shahrida joylashgan harbiy qismda bo‘ldi.

– Bugungi sayyor qabul jarayonida ish bilan ta’minlanishimni so‘rab murojaat etdim. Meni tuman oilaviy poliklinikasiga patronaj hamshira sifatida ishga qabul qilishdi. Bundan judayam xursandman, – deydi kichik serjant Xurshidbek Abdusalomovning turmush o‘rtog‘i Nargiza G‘aniyeva.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti