Harbiy xizmatchilar olimlar ishtirokida “Tarixiy ekskursiya” uyushtirdilar

90

Davlatimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori ostida ko‘plab madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasining Media markazi majlislar zalida bo‘lib o‘tdi.

Unda “Mustaqillik – eng ulug‘ nemat” mavzusidagi davra suhbati hamda “O‘zbek yoshlari va xorijiy ta’lim” nomli kitob taqdimoti tashkil qilindi. Tadbirda Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining bir guruh harbiy xizmatchilari ham ishtirok etdi.

Davra suhbatida, bir necha yillardan buyon O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Tarix institutida faoliyat yuritib kelayotgan tarix fanlari doktori, professor Dono Ziyayeva va tarix fanlari nomzodi, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” davlat muzeyi bosh ilmiy xodimi Bahrom Irzayev qatnashib, harbiy xizmatchilar bilan Vatanimiz mustaqilligiga erishish ostonasidagi davrga “tarixiy ekskursiya” uyushtirdilar.

Bu jarayonda, mutaxassis olimlar Vatanimiz o‘tmishi haqidagi tarixiy faktlar bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar davlat muzeyi hamda Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeylarining yaratilishi tarixi haqida ham to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek, tadbir davomida “O‘zbek yoshlari va xorijiy ta’lim” nomli kitob taqdimoti o‘tkazilib, uning mazmun-mohiyati yig‘ilganlarga tushuntirib berildi.

Ta’kidlash lozimki, o‘tkazilayotgan bunday madaniy-ma’rifiy tadbirlar harbiy xizmatchilarning qalbida vatanparvarlik hissini shakllantirishga, yurtimiz tarixi haqidagi bilimlarini yanada oshirib, bugungi tinch va osuda kunlar uchun jon fido qilgan ota-bobolarimizning xotirasini yod etishga o‘rgatmoqda.

Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati