Mudofaa vaziri Rossiya harbiy delegatsiyasini kutib oldi

299

21 may kuni Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoygu boshchiligidagi harbiy delegatsiya rasmiy tashrif bilan O‘zbekiston Respublikasiga keldi.

22 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligida yuqori martabali mehmonni O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov kutib oldi.

Uchrashuvda mudofaa sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollari, harbiy-texnik sohada o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Rossiya mudofaa vazirliklari o‘rtasida ikki tomonlama harbiy va harbiy-texnik hamkorlikning normativ-huquqiy bazasi davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo tuzilmalarning o‘ttizga yaqin hujjatlarida belgilangan.

2000 yildan boshlab O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi harbiy hamkorlik ikki davlat mudofaa vazirliklari o‘rtasida har yili tasdiqlanadigan Harbiy hamkorlik rejasi asosida amalga oshiriladi. Mazkur rejalarni amalga oshirish doirasida tezkor va jangovar o‘quv, harbiy ta’lim, harbiy xizmatchilarni tayyorlash va malakasini oshirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash, havo harakatini boshqarish va parvozlar xavfsizligini ta’minlash, harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish, tibbiy ta’minotni rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kungacha yuqorida qayd etilgan rejalar doirasida ikki davlat hududida 290 dan ortiq hamkorlikdagi tadbirlar o‘tkazildi.

2017 yil 24 oktyabrda Toshkentda mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya maslahatlashuvlarining beshinchi raundi bo‘lib o‘tdi. 2017 yil sentyabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi huzurida harbiy attashe lavozimi joriy etildi.

2017 yil oktyabr oyining boshida Forish tog‘ dala o‘quv maydoni (Jizzax viloyati) bazasida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma harbiy mashqlari ikki tomonlama munosabatlarnining yanada mustahkamlanishi va o‘zaro manfaatli aloqalarning kuchayishiga yangi turtki berdi. Xususan, O‘zbekiston va Rossiya qurolli kuchlarining tog‘-o‘qchi bo‘linmalari eng qiyin tog‘ sharoitida hamkorlikda o‘quv jangovar vazifalarni bajarish bo‘yicha tajriba va qobiliyatlarini namoyish qildi.

Uchrashuvdan so‘ng yuqori martabali mehmon O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasiga tashrif buyurib, oliy harbiy ta’lim muassasasining vazifalari, faoliyati va boy shonli tarixi, shuningdek, malakali harbiy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning zamonaviy yondashuvlari bilan tanishdi.

Shu kuni Rossiya Federatsiyasi harbiy delegatsiyasi a’zolari Samarqandning tarixiy va madaniy yodgorliklari bilan tanishadilar.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati