“ArMI—2019”: O‘zbekiston “Tank biatloni” jamoasi g‘alabaga erishdi!

58

Bugun, 15-avgust kuni Moskva viloyatida joylashgan Alabino dala-o‘quv maydonida Xalqaro armiya o‘yinlarining “Tank biatloni” yo‘nalishi bo‘yicha II divizionning final bahslari o‘z nihoyasiga yetdi. Unda ishtirok etgan vakillarimiz eng yaxshi natijani qayd etib, g‘alabaga erishdi.

Qizg‘in va shiddatli bahslarga boy bo‘lgan chorak final bahslarida ham yurtimiz sharafini himoya qilayotgan harbiy xizmatchilar barcha to‘siqlardan muvaffaqiyatli o‘tib, eng yaxshi natijani ko‘rsatgan edi.

Bugungi bahsda jamoalarning har uchala ekipaj a’zolari katta maydonga tushib, estafeta shartini bajarishdi. Ushbu shart davomida ular to‘siqlardan talafotsiz o‘tish, belgilangan nishonlarni yo‘q qilish va imkon qadar qisqa vaqt ichida finish chizig‘ini bosib o‘tishi kerak edi. Yurtdoshlarimiz T-72 B-3 tankini mahorat bilan boshqarib, barcha ishtirokchi jamoalar ichida eng yaxshi natijani qayd etishdi. Vakillarimiz jami 2 soat 7 daqiqayu 22 soniyada marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. Bu vaqt ichida 13 ta nishon yakson qilindi.

Hamyurtlarimiz finalda Uganda, Kuba va Vyetnam jamoalari bilan kurashdi.

“Tank biatloni” musobaqasi ikki guruhda o‘tkazilayotgan bo‘lib, vakillarimiz unda ikkinchi guruhdagi jamoalar bilan bahsga kirishgan. Bunda har bir guruhdan alohida g‘olib va sovrindorlar nomi aniqlanadi.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston jamoasi keyingi yilda “Tank biatloni” musobaqasining birinchi divizionida qatnashish uchun yo‘llanmani qo‘lga kirita oldi.

“Tank biatloni” musobaqasining birinchi divizioni final bahsi 17-avgust kuni bo‘lib o‘tadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti