“Tank biatloni” musobaqasining yakka poygadagi sharti bo‘yicha eng yaxshi ekipaj a’zolari taqdirlandi

1

Kecha, 14-avgust kuni, “Patriot” parkida “Tank biatloni” musobaqasining yakka poygadagi eng yaxshi ekipaj a’zolari taqdirlandi. Quvonarlisi, mukofotlanganlar ichida mazkur musobaqada ilk bor ishtirok etayotgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasining bir guruh vakillari ham bor.

Ma’lumki, “Tank biatloni” musobaqasining birinchi bosqichida 3 ta ekipajning har biri alohida-alohida g‘oliblik sari kurash olib borgan edi. O‘sha bahslarda o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazib, hakamlar hay’ati va muxlislar olqishiga sazovor bo‘lgan harbiy xizmatchilar bugun munosib baholandi.

O‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar “Yakka poygadagi eng yaxshi ekipaj a’zolari” yo‘nalishi bo‘yicha birato‘la ikkita o‘rinni band etishdi. Shuningdek, mexanik-haydovchilarning mahorati ham alohida e’tirof etilib, nominatsiya sohibi bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 15 avgust kuni, Moskva vaqti bilan 11:00 da yurtdoshlarimiz ishtirokidagi “Tank biatloni” musobaqasining final bahsi bo‘lib o‘tadi. Ishonamizki, ushbu hal qiluvchi bahsda ham vakillarimiz bildirilgan ishonchni oqlab, yurtimizga yorug‘ yuz bilan kirib borishadi.

Saytimizni kuzatib boring, biz final bahsining tafsilotlarini onlayn xabar tarzida yoritib boramiz.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti