ArMI – 2019. O‘zbekiston Mudofaa vazirligining “Xavfsiz marshrut” jamoasi faxrli 3-o‘rin bilan yurtimizga qaytib keldi

1

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida “ArMI-2019” V xalqaro armiya o‘yinlari doirasida Rossiyada o‘tkazilgan “Xavfsiz marshrut” musobaqasida faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan harbiy xizmatchilar tantanali ravishda kutib olindi.

Kutib olish marosimiga Mudofaa vazirligi mas’ul vakillari, harbiy xizmatchilarning yoru birodarlari va Qurolli kuchlar faxriylari tashrif buyurishdi.

Atrofda bayramona kayfiyat hukmron. Harbiy orkestr sadolari ostida aeroport binosidan muzaffar harbiylarimiz chiqib kelishdi. Ko‘ngillarda hayajon. Ayniqsa, bu onlarda ota-onalar quvonchining ta’rifiga so‘z ojiz.

— Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanidan keldik, — deydi katta serjant Alisher Inomho‘jayevning onasi Oyisha opa Inomho‘jayeva. — Ayni damda shunchalik xursandmanki, so‘z bilan ifodalab berolmayman. G‘urur, iftixor tuyg‘usidan sarmastman. Men o‘g‘lim bilan faxrlanaman. Bu o‘g‘lonlar Vatanimizning ishonchini munosib oqladi. Ularning musobaqadagi ishtirokini televideniye va ijtimoiy tarmoqlardagi saytlar orqali kuzatib bordik. Bellashuvlar murosasiz bo‘ldi. Lekin unda bilim, tajriba o‘z so‘zini aytdi.Ilohim bu farzandlarimizning zafarlari bardavom bo‘lsin.

Shu kuni Qurolli Kuchlar davlat muzeyida musobaqada faol ishtirok etgan harbiylarning fidoyi xizmati alohida e’tirof etildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti