Polvonlar bellashuvining okrug bosqichi g‘oliblari aniqlandi

0
688

Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlarida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan harbiy xizmatchilar o‘rtasida mudofaa vaziri kubogi uchun kechgan “Milliy kurash” va “Tosh ko‘tarish” musobaqalari yakunlandi.

Bellashuvlar Farg‘ona garnizonidagi harbiy qism bazasida o‘tkazildi. Unda mazkur musobaqaning harbiy qism va muassasalar miqyosida o‘tkazilgan bosqichida g‘olib bo‘lgan harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Har bir vazn toifasida ishtirokchilar murosasiz va shiddatli bahslarga kirishdi. Musobaqani Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining o‘rinbosari polkovnik Sodiq Asadov, harbiy qism komandirlari, harbiy xizmatchilar hamda Farg‘ona viloyati kurash federatsiyasi murabbiylari kuzatib bordi.

“Milliy kurash” bellashuvining yakuniy natijalariga ko‘ra uchinchi o‘rin Qo‘qon shahridagi harbiy qism harbiy xizmatchilariga nasib qilgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni Andijon shahridagi harbiy qism harbiy xizmatchilari qo‘lga kiritdi. Farg‘ona garnizonidagi desantchilar harbiy qismi harbiy xizmatchilari esa musobaqada munosib ishtirok etib, mutlaq g‘alabaga erishdi.

Shuningdek, “Tosh ko‘tarish” bahslarida uchinchi o‘rin Andijon shahridagi harbiy qism harbiy xizmatchilari nasib qilgan bo‘lsa, ikkinchi o‘ringa Farg‘ona garnizoni Quva tumanidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari munosib ko‘rildi. Mazkur bellashuvda ham faxrli birinchi o‘rinni Farg‘ona garnizonidagi desantchilar harbiy qismi harbiy xizmatchilari qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlar faxriy yorliq, medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati