ArMI – 2019. “REMBAT” musobaqasi g‘oliblari okrug miqiyosida taqdirlandi

1

Toshkent harbiy okrugiga qarashli Chirchiq shahridagi harbiy qismlarning birida Rossiya Federatsiyasining Omsk shahrida o‘tkazilgan “REMBAT” – “Eng ilg‘or ta’mirlash va evakuatsiya bataloni” musobaqasida muvaffaqiyatli ishtirok etgan hamyurtlarimizni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda harbiy qism shaxsiy tarkibi, g‘oliblar va ularning ota-onalari, yaqinlari ishtirok etdi.
Tantanali marosimni harbiy qism komandiri polkovnik Ismoil Qurbonov ochib berib, xalqaro o‘yinlarda erishilgan g‘alaba nafaqat armiyamizning, balki butun O‘zbekiston xalqining g‘alabasi ekanini alohida ta’kidladi.

Hayajonli onlarga navbat keldi. Ta’mirlash guruhi seksiya komandiri serjant Jamoliddin Qosimov Rossiya Fideratsiyasining Omsk shahrida bo‘lib o‘tgan “REMBAT” musobaqasida faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritib, safdoshlariga o‘rnak bo‘ldi. Ota-onasi, yaqinlari oldida yorug‘ yuz bilan faxriy kubokni boshi uzra ko‘tardi.

Aloqa vzvodi katta texnigi serjant Rayimjon Mahkamov hamda serjant Sherzod Naziyevlar ham g‘alabaga munosib hissa qo‘shganlardan. Ular rus diyorining Tiva shahrida bo‘lib o‘tgan avtoralli musobaqasida faxrli 3-o‘rinni egalladi.

Serjant Jamoliddin Qosimovning otasi Abduhalil Qosimov minbarga chiqar ekan, ko‘z yoshlarini yashira olmadi.

– Yuzlab harbiy xizmatchilar ichida farzanding muvaffaqiyatini eshitish ota uchun qanchalik baxt ekanini bir necha bor his qildim, – deydi Jamoliddin ota. – O‘g‘lim harbiy xizmati davomida ko‘plab yutuqlarga erishdi, har gal muqaddas saf maydonida ko‘pdan-ko‘p rahmatlar eshitdim. Men O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan, dunyoga tanitayotgan shunday o‘g‘lim borligidan faxrlanaman.

Taqdirlash marosimida g‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Toshkent harbiy okrugi Matbuot xizmati